AQSH KXDR bilan yadroviy qurolsizlanishni muhokama qilmoqchi
Olam
−
15:31 1019 2 daqiqa
Kecha, 4 iyun kuni AQSH Davlat departamenti vakili Vashingtonda Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreya (KXDR) bilan yadroviy qurolsizlanish zarurligini muhokama qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
“Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreya bilan hech qanday oldindan shartlarsiz muloqot qilish uchun hamon ochiq. AQSH Shimoliy Koreyaning to‘liq yadroviy quroldan xoli bo‘lishi tarafdori bo‘lib qolmoqda”, deydi vakil.
Ushbu bayonot Pxenyandan Kim Chen Inning yaqinda ishga tushirilgan yadroviy materiallar ishlab chiqaruvchi zavodga tashrif buyurgani va mamlakatning yadroviy salohiyatini geometrik progressiya bilan oshirishga chaqirgani haqidagi xabarlar ortidan yangradi.
“AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati, Vashington va Seul munosabatlarida diplomatiyaning butunlay yo‘qligi fonida Pxenyan o‘zining yadroviy va ballistik raketa dasturlarini ikki barobar kuchaytirayotgani haqidagi xavotirlar ortib borayotgan bir paytda KXDR rahbariyati bilan aloqalarni qayta tiklashni xohlamoqda”, deb yozadi “Yonhap”.
Joriy yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan partiya qurultoyida Pxenyan Seul, Vashington va Tokio pozitsiyasiga zid ravishda yadroviy qurolga ega davlat maqomini yana bir bor tasdiqlagan va harbiy modernizatsiyaning besh yillik rejasini ma’qullagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakatning yangi ishga tushirilgan yadroviy material ishlab chiqarish korxonasiga tashrifi chog‘ida yadroviy arsenalni “eksponensial darajada” kengaytirish zarurligini bildirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi