AQSH Xitoyga SI chiplarini sotishga ruxsat berdi
Olam
−
09 dekabr 2199 2 daqiqa
AQSH Xitoy armiyasiga sun’iy intellekt chiplari yordam berishidan xavotirda bo‘lishiga qaramay, AQSH Prezidenti Donald Tramp bugun, 9 dekabr kuni Nvidia H200 chiplarini nihoyat Xitoyga sotishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Tramp chiplarni Xitoyga 25 foizlik boj evaziga sotishga rozi bo‘lgan va Xitoy Raisi Si Szinpin bu qarorni ijobiy qabul qilgan. Trampning e’loni ortidan Nvidia aksiyalari darhol 2 foizga oshgan.
Trampning aytishicha, H200 mahsulotlari Xitoy va boshqa davlatlardagi tasdiqlangan mijozlarga yetkaziladi hamda kuchli milliy xavfsizlik choralariga rioya qilinadi. Shu bilan birga, Tramp bu jarayon orqali Amerika xavfsizligiga putur yetmasligiga ishonishini ta’kidladi.
“Biz milliy xavfsizlikni himoya qilamiz, Amerika ish o‘rinlarini yaratamiz va sun’iy intellekt sohasida Amerika yetakchiligini saqlab qolamiz. Nvidia’ning AQSHdagi mijozlari allaqachon o‘zlarining yuqori darajada ilg‘or “Blackwell” chiplari ustida ishlashmoqda, tez orada “Rubin” ham chiqariladi. Ularning hech biri ushbu kelishuv tarkibiga kirmaydi. Mening ma’muriyatim doimo Amerikani birinchi o‘ringa qo‘yadi”, deb yozdi Prezident.
Tramp ta’kidlaganidek, AQSH hukumatiga to‘lanishi kerak bo‘lgan to‘lov “25 foiz”ni tashkil qiladi. Oq uy rasmiysi ham bu ko‘rsatkich avgust oyidagi 15 foizlik taklifdan yuqoriligi bilan tasdiqladi.
Ma’muriyat rasmiylari bu qarorni Nvidia’ning so‘nggi “Blackwell” chiplarini Xitoyga jo‘natmaslik va umuman AQSH chiplarini Xitoyga yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ymaslik o‘rtasidagi muvozanat, deb baholamoqda. Ularning fikricha, barcha chiplarni taqiqlash Huawei kompaniyasining Xitoyda sun’iy intellekt chiplarini ishlab chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlarini yanada kuchaytirishi mumkin.
Mazkur e’lon ikki xitoylik erkakning Nvidia chiplarini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tishga uringani ortidan yuzaga kelgan. Prokurorlarning aytishicha, Nyu-Yorkda yashovchi 43 yoshli Xitoy fuqarosi Fanyue Gong va Kanadada yashovchi 58 yoshli Xitoy fuqarosi Benlin Yuan Gonkongdagi logistika kompaniyasi hamda Xitoydagi sun’iy intellekt texnologiyalari kompaniyasi xodimlari bilan til biriktirib, AQSH eksport nazoratini chetlab o‘tgan.
Xitoy elchisi esa o‘z fuqarolarini yashayotgan davlat qonun-qoidalariga rioya qilishga chaqirgan va AQSH prokurorlaridan, Trampning chiplarni boj asosida sotish qaroridan kelib chiqib, ularning ayblovlarini bekor qilishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Si Szinpin bilan muzokaralardan so‘ng boj stavkalarini 10 foizgacha tushirayotganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi