AQSH Xitoy bilan noyob metallar bo‘yicha bitim tuzdi – Tramp

Olam

image

Kecha, 11 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy bilan savdo muzokaralarida ildamlashuv haqida e’lon qildi va Pekin dunyodagi eng yirik iqtisodiyotga “magnitlar va zarur bo‘lgan har qanday noyob yer elementlari”ni yetkazib berishni nazarda tutuvchi yangi kelishuv imzolanganini alohida ta’kidladi.

Noyob yer elementlari turli xil yuqori texnologiyali sohalar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, Xitoy ularning asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi. AFP agentligining qayd etishicha, mazkur kelishuv ikki iqtisodiy derjava o‘rtasidagi savdo munosabatlaridagi taranglikni yumshatishga qaratilgan muhim qadam bo‘lishi mumkin.

Bu kelishuv Londonda o‘tkazilgan ikki kunlik muzokaralar natijasida erishilgan bo‘lib, unda noyob yer elementlari eksporti asosiy mavzulardan biri bo‘lgan. Trampning aytishicha, hali rasman tasdiqlanishi kerak bo‘lgan ushbu bitimda Xitoy talabalariga AQSH kollej va universitetlarida tahsil olishni davom ettirish imkoniyatini beruvchi band ham mavjud.

“Xitoy bilan kelishuv tuzildi, u rais Si va men tomonimizdan yakuniy tasdiqlanishi kerak. Magnitlar va har qanday zarur noyob yer metallari Xitoy tomonidan oldindan yetkazib beriladi. O‘z navbatida, biz ham Xitoyga kelishuv bo‘yicha belgilangan shartlarni, jumladan xitoylik talabalar uchun ta’lim imkoniyatlarini beramiz (men bunga har doim rozi bo‘lganman!). Bizning ulushimiz 55 foizlik bojlar, Xitoyniki esa 10 foiz. Munosabatlarimiz ajoyib! Ushbu mavzuga e’tibor berganingiz uchun rahmat!” deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social platformasida.

AQSH va Xitoy o‘rtasidagi ikki kunlik muzokaralar kecha kechqurun Londonda yakunlandi. Unda asosiy e’tibor mineral resurslar va texnologiyalar eksporti yuzasidan mojaroni bartaraf etish yo‘llarini qidirishga qaratilgan, bu mojaro esa may oyida Jenevada erishilgan muvaqqat savdo tinchligiga putur yetkazgan edi.

Ayni paytda, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdodagi asosiy kelishmovchiliklar — jumladan, Xitoyning katta savdo profitsiti — bo‘yicha jiddiy ildamlashuv bo‘lgani yoki yo‘qligi aniq emas. O‘tgan haftada Tramp Xitoy rahbari Si bilan telefon orqali suhbatlashgan va taranglikni yumshatishga uringan. Xitoyning savdo vaziri o‘rinbosari Li Chenganning ma’lum qilishicha, tomonlar Jenevada erishilgan kelishuvni amalga oshirish uchun tuzilma yaratishga kelishib olgan.

Vashington va Pekin o‘rtasidagi savdo mojarosi 2025 yil fevralda Tramp Xitoyga qarshi savdo urushini boshlaganidan beri avj olgan. Ikki tomon bir necha marta boj tariflari bilan javob qaytargan, bu esa jahon bozorlarida noaniqlikka sabab bo‘lgan. Aprel oyida Tramp Xitoy mahsulotlariga import bojlarini 145 foizgacha oshirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing