AQSH Xitoy biqinida harbiy mashg‘ulot boshladi
Olam
−
11 Sentabr 6329 4 daqiqa
AQSH va Yaponiya bugun, 11 sentyabr kuni ikki haftalik harbiy mashqlarni boshladi. Unda Xitoy materigiga zarba berish imkoniyatiga ega raketa tizimlari ishlatiladi. Pekin buni mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka tahdid sifatida qoraladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
“Resolute Dragon” (“Qat’iy ajdar”) nomli mashqlar AQSH Urush vaziri Pit Hegset o‘zining xitoylik mavqedoshi admiral Dong Jun bilan birinchi marta videomuloqot o‘tkazganidan 48 soat o‘tmasdan boshlandi. Pentagon bu muloqotni “ochiq va konstruktiv” deb ta’riflagandi.
Ushbu mashqlar, shuningdek, o‘tgan hafta Pekinda o‘tkazilgan ulkan harbiy paraddan keyin boshlandi. U yerda Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi o‘zining yangi raketa tizimlarini namoyish qilgandi. Tantanaga Xitoy rahbari Si Szinpin bilan birga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ham ishtirok etdi.
“Qo‘shma mashqlarda AQSHning Typhon va NMESIS raketalari, shuningdek, Yaponiyaning Type 12 yer-yerga raketalari qo‘llaniladi”, deb xabar berdi AQSH Dengiz piyoda korpusi matbuot xizmati.
Bu raketalar turli masofadagi “qatlamli” imkoniyatlarni ta’minlaydi – muhim dengiz yo‘llarini himoya qilish, strategik hududni mudofaa qilish va quruqlikdan kuch namoyish etish.
Xitoyning noroziligi
Pekin Typhon tizimini – AQSH armiyasining o‘rta masofali imkoniyatlar (MRC) tizimi deb ham ataydi – “mintaqaviy strategik xavfsizlikka jiddiy tahdid” deb baholadi.
“AQSH va Yaponiya boshqa mamlakatlarning xavfsizlik xavotirlariga hurmat bilan qarashi va Typhon o‘rta masofali raketa tizimini joylashtirmasligi kerak”, dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Guo Szyakun o‘tgan oy oxirida.
CSIS (Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi) Typhon tizimi SM-6 standartli raketaga ega bo‘lib, u ballistik raketaga qarshi mudofaa, havo hujumidan himoya va kemalarni 370 km masofada yo‘q qilish imkoniyatiga ega, deb ma’lum qildi. U, shuningdek, 1 600 km uzoqlikdagi yerdagi maqsadlarga zarba berish imkoniyatiga ega manyovrbardosh Tomahawk qanotli raketasini ham otishi mumkin.
Bu tizim o‘tgan yili Filippinda mashqlar uchun ilk bor Tinch okeaniga joylashtirilgandi va o‘shanda ham Pekin qarshilik bildirgan edi.
Typhon Yaponiyaning asosiy oroli Xonshudagi Ivakuni AQSH dengiz piyoda korpusi havo bazasida Resolute Dragon mashqlari uchun joylashtiriladi.
Yaponiyaning raketa imkoniyatlari
Qolgan tizimlarning qayerda joylashtirilishi aniq aytilmagan, ammo mashqlar Yaponiyaning Janubiy-G‘arbiy orollarini ham o‘z ichiga oladi. Bu orollar Tayvan yarim oroli sohilidan 113 km uzoqlikda joylashgan. Tayvanni Xitoy kommunistik partiyasi o‘z hududi sifatida ko‘radi va zarur bo‘lsa kuch bilan egallashga qasd qilgan.
NMESIS – qisqa masofali (185 km) tizim bo‘lib, dengiz nishonlariga “dengiz yuzasidan pastda uchadigan” raketalarni yo‘llaydi.
Yaponiyaning yangilangan Type 12 raketasi esa 900 km masofagacha otilishi mumkin.
AQSH–Xitoy muloqoti
10 sentyabr kuni Hegset Dong bilan suhbatda AQSH “Xitoy bilan to‘qnashuv izlamasligi, rejimi almashish yoki uni bo‘g‘ish siyosatini quvmasligini” ta’kidladi, dedi Pentagon matbuot kotibi Shon Parnell.
“Bir vaqtning o‘zida u qat’iy ravishda AQSHning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi hayotiy manfaatlari borligini va ularni qat’iy himoya qilishini bildirdi”, deya qo‘shimcha qildi Parnell.
Xitoylik vazir esa Tayvan va Janubiy Xitoy dengizi masalasini ko‘tarib, AQSHni Xitoyning “asosiy manfaatlariga hurmat bilan qarashga” chaqirdi.
Yuqori darajadagi aloqalar
Mudofaa vazirlarining muloqoti AQSH va Xitoy o‘rtasida yuqori darajadagi aloqalar kuchayib borayotgan paytga to‘g‘ri keldi. Kuzda Si Szinpin va Donald Tramp sammiti bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
CNN manbalariga ko‘ra, Tramp va uning maslahatchilari oktyabr oyi oxirida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik (APEC) sammitiga qatnashishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Sammit Tramp va Si uchrashishi uchun muhim imkoniyat sifatida ko‘rilmoqda.
10 sentyabr kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I telefon orqali muloqot qildi. Ular oxirgi marta iyul oyida Malayziyadagi ASEAN mintaqaviy forumida uchrashgan edi.
Xitoy bayonotiga ko‘ra, ikki tomon ham muloqotni “o‘z vaqtida, zarur va samarali” deb baholagan hamda “yetakchilar diplomatiyasi”dan farqlarni boshqarish va hamkorlikni kuchaytirishda foydalanish zarurligini ta’kidlagan.
Shu orada AQSH Kongressining ikki partiyadan iborat kongresmenlar guruhi shu oyda Xitoyga rasmiy safar qiladi. Bu so‘nggi olti yildagi ilk tashrif bo‘ladi.
Live
Barchasi