AQSH xavotirda! Eron yadroviy kuchaydimi?
Olam
−
01 mart 2023
7778Eron endi taxminan 12 kun ichida bir bomba qiymatidagi parchalanuvchi material ishlab chiqarishi mumkin. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kolin Kalga tayanib, CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, Eron yadroviy kelishuvni tiklashga urinishlarni to‘xtatgani va Tehron kelishuvda belgilangan cheklovlarni buzishda davom etayotgani sababli mamlakatda yadroviy qurol ishlab chiqish takomillashgan. Kalning ta’kidlashicha, Oq uy ma’muriyati 2015 yilda tuzilgan yadroviy kelishuvdan chiqqanidan beri Eron yadroviy rivojlanishga katta e’tibor qaratgan.
“2018 yilda [Tramp davrida] oldingi ma’muriyat kelishuvdan chiqishga qaror qilgan vaqtda, Eronga bir bomba qiymatidagi parchalanuvchi material ishlab chiqarish uchun taxminan 12 oy kerak bo‘lardi. Endi esa buning uchun 12 kun yetadi, xolos”, deydi Kal.
Manbaga ko‘ra, Eronning boyitilgan uran zahiralarining sezilarli darajada ko‘paytirishi ham jiddiy tahdid sanaladi. Eron bir necha bombalar uchun yetarlicha qurol-yarog‘ moddalarini tezda ishlab chiqara olsa, uning tarqalish xavfi sezilarli darajada oshadi.
Shuningdek, AQSH rasmiylari bu masalani diplomatik yo‘l bilan hal qilishga intilayotganini, biroq kerakli natijaga hali erishilmaganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amerika-Isroil xavfsizlik konferensiyasida ishtirok etgan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronning yadroviy dasturini to‘xtatish uchun harbiy tahdid o‘tkazishni taklif qilgan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi