AQSH “Kataib Hizbulloh” yetakchisini yo‘q qildi
Olam
−
08 fevral
6448Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangani aytiladigan “Kataib Hizbulloh” guruhi rahbari Abu Bakir as-Sa’diy kecha, 7 fevral kuni Bag‘dodda o‘ldirildi. U va ikki qo‘riqchi Amerika uchuvchisiz samolyoti hujumiga uchragan mashina ichida bo‘lgan. Zarba oqibatida avtomobil ichidagi 3 kishi ham halok bo‘lgan. Bu haqda AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) xabar berdi.
Pentagon Abu Bakir as-Sa’diy mintaqadagi amerikalik askarlarga hujum uyushtirish uchun javobgar ekanini bildirgan. Qayd etish joizki, AQSH yanvar oyida Iordaniyadagi AQSH bazasiga hujum uyushtirgan va uch nafar amerikalik harbiy xizmatchining o‘limiga sabab bo‘lgan hujumda Iroqdagi “Kataib Hizbulloh” guruhini ayblagandi.
AQSHning Iroqqa bostirib kirishi ortidan tashkil topgan yarim harbiylashtirilgan “Kataib Hizbulloh” so‘nggi oylarda mintaqadagi AQSH bazalarini o‘qqa tutgan Eronga yaqin asosiy guruhlardan biridir.
Vashingtonga ko‘ra, "Kataib Hizbulloh" Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan chambarchas bog‘liq va xalqaro koalitsiya kuchlariga hujum qilish uchun bir necha bor undan yordam olgan.
Yanvar oyida Iordaniyadagi AQSH bazasiga uyushtirilgan hujumdan so‘ng guruh Iroq rasmiylarini noqulay ahvolga solib qo‘ymaslik uchun Amerika qo‘shinlariga qarshi hujumlarni to‘xtatayotganini aytgandi.
Shunga qaramay, kecha, 7 fevral kuni kechqurun amerikaliklar bu suiqasdni Bag‘dodning Mashtal tumanida amalga oshirdi. Operatsiya gavjum ko‘chada harakatlanayotgan mashinaga aniq zarba berish orqali amalga oshirilgan.
CENTCOM hujum mahalliy vaqt bilan soat 21:30da sodir bo‘lgani va "mintaqadagi AQSH kuchlariga hujumlarni bevosita rejalashtirish va ishtirok etish uchun javobgar bo‘lgan qo‘mondon" o‘ldirilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 28 yanvar kuni Suriya-Iordaniya chegarasi yaqinidagi AQSH harbiy bazasiga qilingan dron hujumi oqibatida uch nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan va bir necha o‘nlab kishi jarohatlangan edi. Bunga javoban 2 fevral kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi Suriya va Iroqdagi 85 dan ortiq nishonga zarba bergani, bu havo hujumlari Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tegishli “Al-Quds” maxsus kuchlari va unga aloqador guruhlarga qarshi qaratilganini bildirdi. Prezident Jo Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan AQSH Yaqin Sharqdagi Eronga aloqador kuchlarga yangi zarbalar berish niyatida ekanini aytdi.