AQSH Isroilga o‘z harbiylarini yuboradi

Olam

image

AQSH G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish uchun Yaqin Sharqqa 200 nafar harbiy joylashtiradi. Bu haqda NBC News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, AQSH Isroil va HAMAS o‘rtasida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish hamda garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv ijrosini nazorat qilish maqsadida maxsus muvofiqlashtirish markazini ochadi. 

“Muvofiqlashtirish markazida transport, rejalashtirish, xavfsizlik, logistika va muhandislik sohalarida tajribaga ega qariyb 200 nafar harbiy xizmatchi faoliyat yuritadi”, deyiladi xabarda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, amerikalik harbiylar bevosita G‘azo sektoriga kirmaydi. Markaz xodimlari o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi ijrosini nazorat qilish hamda G‘azoda fuqaroviy boshqaruv tizimiga o‘tish jarayoniga yordam beradi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu harbiylar AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi tarkibidan hamda boshqa bo‘linmalardan yuboriladi. Ular allaqachon mintaqaga yetib kelishni boshlab, markazni shakllantirish ustida ish olib bormoqda.

Ta’kidlanishicha, missiya tarkibiga AQSHning hamkor mamlakatlari harbiylari hamda xususiy tashkilotlar vakillari kiradi. Unda Misr, Qatar, Turkiya va BAA (Birlashgan Arab Amirliklari) harbiylari ham qatnashishi mumkin.

Qayd etish joiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil va HAMAS o‘rtasida tinchlik rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuv imzolanganini e’lon qilgan edi. Ushbu bosqich garovga olinganlarni ozod qilish va Isroil qo‘shinlarini kelishilgan chiziqqacha olib chiqishni o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha AQSH Prezidenti Donald Trampning rejasi amalga oshirilishi uchun barcha choralarni ko‘rishini aytgandi. Kallasning bildirishicha, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuv “muhim yutuq”ni ifodalaydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing