AQSH Isroilga qo‘shin jo‘natmoqchi emas – Oq uy
Olam
−
10 Oktabr 2023
6475Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroil va Falastin o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda ishtirok etish uchun qo‘shin yuborish niyatida emas. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.
“Biz hozircha Isroilda qo‘shin joylashtirishni rejalashtirmayapmiz. Biroq, Qo‘shma Shtatlar doimo o‘z manfaatlaridan kelib chiqadi. Biz har doim milliy manfaatlarimizni himoya qilish va butun dunyo bo‘ylab, shu jumladan, ushbu mintaqada xavfsizlik bo‘yicha majburiyatlarimizni bajarish uchun zarur bo‘lgan ishni qilamiz”, deydi Kirbi.
Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Isroilga harbiy yordam yetkazib berishni boshlagan va yaqin kunlarda qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini e’lon qiladi.
"Biz yaqin kunlarda Isroil dushmanlarining mavjud vaziyatdan foydalanishga urinishining oldini olish uchun ko‘proq yordamni e’lon qilamiz", degan u.
HAMASning so‘nggi harakatlariga Eronning aloqadorligi haqidagi savolga javob berar ekan u Tehron bir necha yillardan beri HAMASni qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun sodir bo‘layotgan voqealarga “ma’lum darajada sherik” ekanini aytgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangan. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Charlz Braun Eronni Isroildagi mojaroga aralashishi oqibatlaridan ogohlantirgandi. NBC telekanali esa Amerika ma’muriyati Ukraina uchun qo‘shimcha moliyalashtirish va Isroilga yordam so‘rovlarini birlashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qildi.
LiveBarchasi