AQSH Isroil va Livanga yangi kelishuv taklif qildi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Isroil va Livan o‘rtasidagi mojaroni yumshatishga qaratilgan yangi tashabbusni ilgari surdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, u so‘nggi 48 soat ichida Livan Prezidenti Jozef Aun va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan muzokaralar o‘tkazgan.

AQSH taklifiga ko‘ra, birinchi bosqichda Livandagi “Hizbulloh” Isroilga qarshi barcha hujumlarni to‘xtatishi kerak. Bunga javoban Isroil ham Bayrutga nisbatan harbiy harakatlarni kuchaytirmaslik majburiyatini oladi.

Amerikalik rasmiylardan birining ta’kidlashicha, bu qadamlar bosqichma-bosqich keskinlikni kamaytirish va jangovar harakatlarni samarali to‘xtatish uchun imkon yaratadi.

Xabarlarga ko‘ra, Livan Prezidenti Jozef Aun AQSHning sulh taklifini qo‘llab-quvvatlamoqda. Livan parlamenti spikeri Nabih Berri esa “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilishini bildirgan, biroq sulhning dastlabki qadamlari bo‘yicha mas’uliyatni Isroil zimmasiga yuklagan.

AQSH ma’muriyati vakili “Hizbulloh” Eron siyosatiga ergashayotganini va mojaroning davom etishidan manfaatdor ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, Eron Livandagi vaziyatni cho‘zish orqali keyinchalik mojaroni hal qilishdagi rolini namoyish etishga urinmoqda.

Shuningdek, AQSH tomoni Isroil tinch aholiga qarshi hujumlar davom etayotgan bir paytda bunga chidab turishini kutmasligini bildirib, keskinlikni pasaytirishning eng tez yo‘li “Hizbulloh” tomonidan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish ekanini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Livandagi “Hizbulloh” harakatiga qarshi zarbalar yanada kuchaytirilishini ma’lum qilgandi. Bu qaror “Hizbulloh” tomonidan Livan janubi va Isroil shimolidagi nishonlarga dron hamda raketa hujumlari uyushtirilganidan keyin qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Livan Bin'yamin Netan'yaxu Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing