AQSH va Iroq ISHIDni ildizi bilan yo‘q qilishga kelishib oldi
Olam
−
16 iyul 2022
5685AQSH Prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoniga safari chog‘ida, bugun, 16 iyul kuni Iroq Bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy bilan uchrashdi. Tomonlar ISHID terrorchilik tashkilotini nihoyat mag‘lub etish uchun xavfsizlikni muvofiqlashtirishni davom ettirish niyatini yana bir bor tasdiqladi. Bu haqda uchrashuv yakunlari bo‘yicha Iroq Bosh vaziri devoni e’lon qilgan qo‘shma bayonotda aytiladi.
“Rahbarlar tomonlar kelishib olgan strategik asosga muvofiq Iroq va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida kuchli ikki tomonlama hamkorlikka sodiqliklarini hamda ISHID o‘zining avvalgi faoliyati darajasiga qaytmasligini ta’minlash uchun xavfsizlikni muvofiqlashtirishni davom ettirish qat’iyatini tasdiqladilar”, deyiladi bayonotda.
AQSH Prezidenti, shuningdek, Iroqning tashqi va ichki tahdidlarga qarshi tura olishi Yaqin Sharqda tinchlikni saqlashning muhim sharti ekanini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, ikki davlat rahbarlari Iroq demokratik institutlarini mustahkamlash zarurligiga ishora qildilar, bu bayonotda ta’kidlanganidek, bu Iroq va mintaqada xavfsizlik hamda barqarorlikka erishishga hissa qo‘shadi.
“Ikki davlat rahbarlari xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha yaqin hamkorlik, shuningdek, terrorizmga qarshi kurashda Iroqni umumiy qo‘llab-quvvatlash ISHIDning yakuniy mag‘lubiyatini ta’minlashning muhim omillari ekaniga kelishib oldilar. Prezident Bayden Iroqning ISHID jangarilarini jinoiy javobgarlikka tortish harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda AQSH Prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib turibdi. U kecha, 15 iyul kuni Isroilga safarini yakunlab, Jiddaga yetib keldi va Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hamda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuv o‘tkazdi.
LiveBarchasi