AQSH internet cheklovlarini chetlab o‘tuvchi portal tayyorlamoqda – “Reuters”

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti boshqa mamlakatlardagi foydalanuvchilarga o‘z hukumatlari tomonidan bloklangan ma’lumotlardan foydalanish imkonini beruvchi internet-portal ishlab chiqmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, resursni freedom.gov manzilida joylashtirish rejalashtirilgan. Platforma orqali Yevropa va boshqa davlatlar aholisi milliy kontent cheklovlarini chetlab o‘tishi mumkin bo‘ladi.

“Reuters” manbalaridan birining aytishicha, foydalanuvchi trafigini VPN texnologiyalari yordamida AQSHdan chiqayotgan kabi ko‘rsatish masalasi ham muhokama qilingan. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Amerika rasmiylari portal foydalanuvchilarining faoliyatini kuzatishni rejalashtirmayapti.

Loyihaga Davlat kotibining o‘rinbosari Sara Rojers rahbarlik qilmoqda. Tashabbusni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida taqdim etish rejalashtirilgan, biroq taqdimot noma’lum muddatga qoldirilgan.

Davlat departamenti ichida mazkur g‘oya bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Ayrim xodimlar platforma orqali ekstremistik yoki nafrat qo‘zg‘atuvchi deb topilgan materiallardan ham foydalanish imkoni paydo bo‘lishidan xavotir bildirmoqda.

“Reuters”ning baholashicha, xizmat ishga tushirilishi Oq uy va Yevropadagi ittifoqchilar o‘rtasidagi munosabatlarni murakkablashtirishi, shuningdek, Vashington Yevropa Ittifoqi fuqarolarini mahalliy qonunchilikni chetlab o‘tishga undayotgandek taassurot qoldirishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh internet portal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing