AQSH G‘azoni kurortga aylantirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqdi
Olam
−
14:22 5378 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati “Quyosh chiqishi” (Sunrise) nomli loyiha ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, G‘azo sektori yuqori texnologiyali qirg‘oqbo‘yi megapolis va kurortga aylantirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Loyiha ustida Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff va Prezidentning kuyovi Jared Kushner boshchiligidagi jamoa ishlagan. Reja 112,1 milliard dollarga baholanmoqda va uy-joylar, maktablar, shifoxonalar, infratuzilma hamda dam olish zonalari qurilishini nazarda tutadi. U 20 yillik “yo‘l xaritasi” sifatida ko‘rilib, G‘azoni “Yaqin Sharq Riverasi”ga aylantirish maqsad qilingan.
Rekonstruksiya to‘rt bosqichda amalga oshirilishi rejalangan:
- hududni minalardan tozalash,
- aholini vaqtincha joylashtirish,
- infratuzilmani tiklash,
- mehmonxonalar va transport markazlariga ega “aqlli shaharlar” barpo etish.
Ishlarni Rafah va Xon-Yunus hududlaridan boshlash taklif etilmoqda.
Biroq hozircha moliyalashtirish manbalari aniq emas. Shuningdek, rekonstruksiya vaqtida ko‘chirilgan 2 million falastinlik qayerda yashashi masalasi ham ochiq qolmoqda. AQSH mazkur rejani Fors ko‘rfazi davlatlari, Turkiya va Misr vakillariga taqdim etgan.
AQSH rasmiylarining bir qismi loyihaga shubha bilan qaramoqda. Ularning fikricha, reja faqat HAMAS qurolsizlanishga rozi bo‘lsa amalga oshirilishi mumkin, ammo bu ehtimol past baholanmoqda. Bundan tashqari, Isroil zarbalari oqibatida G‘azoning katta qismi vayronaga aylangan, hudud 68 million tonna vayronalar, portlamagan bombalar va minglab jasadlar bilan to‘lib ketgan.
Shunga qaramay, Tramp ma’muriyati ikki oy ichida vaziyat keskinlashmasa, loyiha ishga tushirilishiga umid qilmoqda.
“Agar ikki-uch yildan so‘ng yana urush bo‘lishiga ishonch bo‘lsa, hech kim G‘azoga sarmoya kiritmaydi”, degan AQSH Davlat kotibi Marko Rubio.
U AQSH G‘azoni tiklash va gumanitar yordam uchun donorlar topilishiga ishonishini ham bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil askarlari G‘azo shahri sharqidagi Et-Tuffah mahallasidagi boshpanani to‘y paytida artilleriya o‘qlari bilan nishonga oldi va olti falastinlikni o‘ldirgandi.