AQSH G‘azoga hujumlarni to‘xtatish uchun ishlamoqda – Bayden
Olam
−
20 avgust
1286Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatish uchun harakat qilishda davom etadi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden Demokratik partiyaning Chikagodagi qurultoyida ma’lum qildi.
“Biz G‘azodagi urushni tugatish, asirlarni uylariga qaytarish va Yaqin Sharqda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun ishlashda davom etamiz”, deydi Prezident.
Bayden AQSH rasmiylari Falastin anklavida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini ta’minlash uchun “juda ko‘p ishlayotganini” ta’kidladi va vazifa imkon qadar tezroq amalga oshishiga umid bildirdi.
“Bir necha kun oldin men kengroq urushning oldini olish, mahbuslarni oilalari bilan birlashtirish, G‘azoga insonparvarlik yordami oqimini ko‘paytirish, Falastin xalqining azob-uqubatlariga chek qo‘yish va pirovardida o‘t ochishni to‘xtatish va bu urushni tugatish bo‘yicha kelishuvni taklif qildim”, dedi Jo Bayden.
AQSH Prezidenti, shuningdek, Chikago ko‘chalarida Falastinni qo‘llab-quvvatlagan minglab namoyishlarga izoh berdi.
“Namoyishchilarning bunga haqqi bor, har ikki tomondan ko‘plab begunoh odamlar o‘ldirilgan”, deydi Jo Bayden.
Umuman olganda, Bayden nutqi davomida Oq uy rahbari sifatidagi faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyatlari haqida gapirdi, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampni tanqid qildi va tarafdorlaridan bo‘lajak saylovlarda Demokratik partiyadan nomzod Kamola Harrisni qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.
Baydenning nutqi davomida tinglovchilarning ba’zilari “Isroilni qurollantirishni to‘xtating” degan bannerni ko‘tarishdi. Bu vaqtda boshqa partiya vakillari o‘z plakatlarini yuqoriga ko‘tarish orqali afishani yopishga harakat qilishdi. Xodim bannerni olib tashlamoqchi bo‘lgan payt kameraga tushib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 avgust kuni AQSH Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken Isroil hukumati rahbari Binyamin Netanyaxu bilan uch soatlik uchrashuvdan so‘ng Isroil AQSHning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi so‘nggi taklifiga rozi bo‘lganini aytgandi.
LiveBarchasi