AQSH G‘azo uchun 2 yillik xalqaro kuch mandatini talab qilmoqchi
Olam
−
05 noyabr 2025 2137 3 daqiqa
AQSH BMTda G‘azo sektorida ikki yillik o‘tish davri boshqaruv organi va xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini tashkil etishni maqullash haqidagi rezolyutsiya loyihasini tayyorladi. Bu haqda kecha, 4 noyabr kuni hujjat matniga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.
Diplomatlarning aytishicha, hozircha loyiha rasman Xavfsizlik Kengashiga (15 a’zo davlat) taqdim etilmagan, lekin ayrim mamlakatlar bilan muhokamalar boshlangan. Vashington hujjatni qaysi paytda rasman kiritishni rejalashtirayotgani hozircha noma’lum.
AQSH Davlat departamenti vakili “Prezident Donald Trampning G‘azo rejasini amalga oshirish bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari va boshqa hamkorlar bilan muzokaralar davom etmoqda” deb bayonot berdi va “go‘yo siznib chiqqan hujjatlar” haqida izoh berishdan bosh tortdi.
Ikki sahifalik hujjatda “Tinchlik Kengashi” (Board of Peace) deb atalgan o‘tish boshqaruv organi tuzilishi va Xalqaro Barqarorlashtirish Kuchlari (ISF) joylashtirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu kuchlar “barcha zarur choralarni ko‘rish” vakolatiga ega bo‘ladi – bu ibora harbiy kuch ishlatish imkonini anglatadi.
ISF'ning vazifalari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- tinch aholini va gumanitar yordam operatsiyalarini himoya qilish;
- Isroil va Misr bilan chegara xavfsizligini ta’minlash;
- yangi tayyorlangan va tekshiruvdan o‘tgan falastinlik politsiya kuchlari bilan hamkorlik qilish hamda ularni o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash.
Hujjatda aytilishicha, ISF G‘azo xavfsizligini barqarorlashtirish, jumladan “nodavlat qurolli guruhlarni demilitarizatsiya qilish va qurollarni doimiy tarzda yo‘q qilish” bilan shug‘ullanadi.
Bir oy avval Isroil va HAMAS Trampning 20 banddan iborat “G‘azo rejasi”ning birinchi bosqichi – ikki yillik urushni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish kelishuvi bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.
BMT rezolyutsiyasi loyihasi ana shu rejaning ikkinchi bosqichini – Tinchlik Kengashi va ISF'ni tashkil etishni nazarda tutadi.
Tramp rejasiga ko‘ra, HAMASning G‘azo ustidan boshqaruvi tugatiladi va hudud demilitarizatsiya qilinadi. HAMAS hozircha qurolsizlanish masalasida rasman rozilik bildirmagan – bu guruh ilgari ham shunday takliflarni rad etgan.
ISF birlashtirilgan boshqaruv ostida, Isroil va Misr bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi. Buning uchun harbiy maqom va vakolat bo‘yicha maxsus kelishuvlar tayyorlanishi kerak.
Tramp ma’muriyati G‘azoga amerikalik askarlarni jo‘natishni istamasligini bildirgan, ammo Indoneziya, BAA, Misr, Qatar, Turkiya va Ozarbayjonni xalqaro kuchlarga hissa qo‘shishga chorlamoqda.
Shu bilan birga, Turkiya askarlarini joylashtirishga Isroil keskin qarshi ekanligi ma’lum qilingan.
Rezolyutsiya loyihasi BMT va Jahon banki hamda boshqa moliyaviy institutlarni G‘azoning qayta tiklanishi va rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ ajratishga chaqirgan. Shuningdek, bu maqsadda alohida donorlar fondi tashkil etish taklif etilgan.
Vashington rezolyutsiyani ovozga qachon qo‘yishi hozircha aniq emas. Qabul qilinishi uchun 15 a’zodan kamida 9 tasining roziligi va 5 doimiy a’zodan (AQSH, Britaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy) hech biri veto qo‘ymasligi kerak.
Live
Barchasi