AQSH G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamining birinchi partiyasini yetkazdi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari kecha, 2 mart kuni G‘azoga insonparvarlik yordamini havo orqali olib o‘ta boshladi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.

Jo Bayden ma’muriyati rasmiylarining aytishicha, 35 ming porsiya oziq-ovqatni o‘z ichiga olgan jami 66 ta paket havoda olib ketilgan. Gumanitar yordam yetkazish uchun uchta C-130 samolyotidan foydalanilgan.

1 mart kuni Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni bilan uchrashuv chog‘ida Jo Bayden qamaldagi Falastin anklaviga havo orqali insonparvarlik yordamini yetkazish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlanganini e’lon qilgan. Oq uy havo orqali oziq-ovqat yetkazib berish doimiy harakat bo‘lishini, Isroil tashabbusni qo‘llab-quvvatlaganini bildirdi.

Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda so‘zga chiqib, bunday operatsiyalarning murakkabligini ta’kidladi.

“Bu qiyin harbiy missiya, chunki ko‘p parametrlar aniq bajarilishi kerak. Biz bunga har qanday o‘xshash operatsiya kabi, zudlik bilan harakat qilishimiz kerakligini bilib, ehtiyotkorlik bilan yondashamiz. Biz bu ehtiyojdan xabardormiz. Biz buni iordaniyalik hamkorlarimiz bilan birga qilamiz va rejalashtirish yuqori darajada amalga oshiriladi. Bu bir martalik tadbir bo‘lmaydi. Havo orqali qo‘shimcha gumanitar yordam yetkazish rejalashtirilgan va amalga oshiriladi. Ularning har biri bilan biz jarayonni o‘rganamiz va yaxshilaymiz, deb o‘ylayman. Bu juda qiyin. G‘azo kabi aholi zich joylashgan hududda buni amalga oshirish nihoyatda qiyin”, deydi Kirbi. 

Qayd etilishicha, boshqa davlatlar, jumladan Fransiya, Misr va Iordaniya ham G‘azoga yordam yetkazgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti yordam yetkazib berish yo‘lida "yengib bo‘lmas to‘siqlar"ga duch kelayotganini bir necha bor ta’kidlagan. BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi G‘azo sektorida kamida 576 ming kishi, ya’ni anklav aholisining chorak qismi ocharchilik yoqasida turganini ma’lum qilgan. Shifokorlarning aytishicha, bolalar to‘yib ovqatlanmaslik va suvsizlikdan o‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 29 fevral kuni Isroilning G‘azo sektorida gumanitar yordam kutayotgan falastinliklarga hujum qilgani oqibatida 100 dan oshiq odam halok bo‘lgandi. BMT Xavfsizlik Kengashi esa AQSHning qarshiligi sabab mazkur holat uchun Isroil harbiylarini ayblagan bayonotni qabul qila olmadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing