AQSH fuqarolarini Rossiyani tark etishga chaqirdi
Olam
−
13 fevral 2023
14338AQSHning Rossiyadagi elchixonasi amerikaliklarni zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirdi. Bu haqda diplomatik missiya saytida bugun, 13 fevral kuni e’lon qilingan ogohlantirishda so‘z borgan.
“AQSH fuqarolari Ukrainadagi mojaroning oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlari tufayli Rossiyaga sayohat qilishdan voz kechishlari kerak, Rossiya Federatsiyasida yashayotgan yoki sayohat qilayotgan amerikaliklar esa qo‘lga olish xavfi tufayli darhol mamlakatni tark etishi kerak”, deyiladi ogohlantirish matnida.
Elchixonaning ta’kidlashicha, Rossiya tomoni AQSH fuqarolarini qo‘sh fuqarolikni tan olishni rad etishi, ularni konsullik yordamidan mahrum qilishi, safarbar qilishi, mamlakatdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi va/yoki harbiy xizmatga chaqirishi mumkin.
O‘tgan yilning 28 sentyabr kuni AQSH elchixonasi ham xuddi shunday ogohlantirish berib, o‘z fuqarolarini buning uchun hali imkoniyatlar borida, Rossiyani tark etishga chaqirgan edi.
Elchixonaning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyani tark etmoqchi bo‘lgan AQSH fuqarolari buning uchun “mustaqil choralar” ko‘rishlari kerak, chunki diplomatik missiya o‘z imkoniyatlari cheklangan.
“AQSH fuqarolari shuni bilishlari kerakki, AQSHning kredit va debet kartalari endi Rossiyada ishlamaydi va Rossiya banklariga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar tufayli AQSHdan elektron pul o‘tkazish imkoniyati nihoyatda cheklangan. Rossiyada naqd pul tanqisligi haqida xabarlar bor”, deyiladi diplomatik missiya xabarida.
Bundan tashqari, AQSH fuqarolariga “har qanday siyosiy yoki ijtimoiy norozilik”dan qochish va bunday tadbirlarda xavfsizlik xodimlarini suratga olmaslik tavsiya qilingan.
LiveBarchasi