AQSH Eronning yadroviy yuragini qanchalik shikastladi?

Olam

image

Joriy yilning 21 iyun oqshomida Amerika Qo‘shma Shtatlari Erondagi uchta asosiy yadro ob’ektiga zarba berdi. Kecha, 22 iyun kuni Pentagon rasmiylari ushbu ob’ektlar “juda jiddiy zarar va vayronagarchilikka uchraganini” ma’lum qildi. “The New York Times” sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib, ularning qanchalik zararlanganini tahlil qildi.

Rasmiylarning aytishicha, yettita AQSH harbiy samolyoti Fordodagi yadro ob’ektiga, shuningdek, Natanzdagi ob’ektlarga 13,6 tonna og‘irlikdagi bunkerbuzar raketalarini tashlagan. AQSH harbiy-dengiz floti suvosti kemasi esa uchinchi nishon – Isfahondagi ob’ektga yigirmadan ortiq qanotli raketa uchirgan.

Ular, shuningdek, Eron hali ham yadro quroli ishlab chiqarish imkoniyatiga ega yoki yo‘qligi haqida xulosa qilishga hali erta ekanini, shuningdek, mavjud boyitilgan uran zaxiralari qayerda ekani noma’lumligini aytdi.

“The New York Times” tahlil qilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari AQSH zarbalari oqibatida Erondagi uchta yadro ob’ektiga yetgan zararning ko‘lamini ko‘rsatadi.

Fordo

Fordo – bu Eronning uranni boyitish bo‘yicha eng muhim ob’ekti bo‘lib, hujumlardan himoya qilish uchun chuqur tog‘ qarida qurilgan. AQSH zarbalaridan so‘ng olingan yangi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida zarar yetkazilgan joylar va AQSH bunkerbuzar bombalarining ehtimoliy kirish nuqtalari ko‘rsatilgan. Tasvirlarda yer sathida sezilarli o‘zgarishlar va hujum ehtimoli bo‘lgan joylarda kulrang chang qatlami aniq ko‘rinadi.

Yuqori lavozimli AQSH rasmiysi Fordoga qilingan zarba ushbu yaxshi mustahkamlangan ob’ektni butunlay yo‘q qilmaganini tan oldi, ammo u zarbaning jiddiy bo‘lganini va ob’ektni “mavzudan chiqarib tashlaganini” ta’kidladi. Uning aytishicha, hatto o‘nlab bunkerbuzar bombalar ham ushbu inshootni butunlay yo‘q qila olmaydi.

Nashr tahlili AQSH Fordoga nishon qilingan zarbalarni ikki ventilyatsiya shaxtasi joylashgan nuqtaga aynan yo‘naltirgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Bu shaxtalar yadro inshooti uchun havo aylanishi va issiqlik chiqishini ta’minlaydi, shuning uchun ular vayron qilingan taqdirda butun ob’ekt faoliyati falajlanadi. Biroq bir eronlik deputat ijtimoiy tarmoqda ob’ekt “ancha oldin” evakuatsiya qilinganini aytdi.

Natanz

Natanz – Eronning eng yirik uran boyitish markazi bo‘lib, ilgari ham ko‘p bor Isroil hujumlariga nishon bo‘lgan. AQSH tomonidan amalga oshirilgan hujumlar bu safar yer ostidagi boyitish zallariga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Kecha, 22 iyun kungi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ushbu yer osti inshootlari joylashgan hududda ikki katta krater (portlash oqibatida) mavjudligi qayd etilgan.

Joriy yilning 13 iyun kuni, Isroil zarbalarining birinchi kunida Natanzdagi yerusti inshootlari ham zarar ko‘rgan. Uch kun o‘tib, Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bu hujumlar oqibatida elektr infratuzilmasi ishdan chiqqanini va bu holat sentrafugalarga ham zarar yetkazgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Isfahon

Isfahon yaqinidagi yadro kompleksida qurol darajasiga yaqin bo‘lgan yadro yoqilg‘isi saqlanishi aytilmoqda. AQSH hujumlaridan so‘ng olingan yangi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ushbu kompleksdagi bir nechta yer usti inshootlariga zarar yetgani ko‘rinadi. Xalqaro inspektorlar ikki hafta oldin bu yerga tashrif buyurgan bo‘lishsa-da, Eron rasmiylari so‘nggi kunlarda yoqilg‘i boshqa joyga ko‘chirilgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan.

Agar bu ob’ektlarga yetkazilgan zarar katta bo‘lsa, bu Eron yadro dasturini yillar davomida orqaga surishi mumkin. Biroq agar Eronning muqobil yashirin ob’ektlari mavjud bo‘lsa, bu imkonni istisno qilib bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isfahon Natanz Fordo yadro ob'ekti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing