AQSH Eronning yadroviy quroldan voz kechishi uchun pul bermoqchi – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Eron uranni boyitish va yadroviy bomba yaratishdan voz kechsa, unga 30 milliard dollar miqdorida yordam ajratish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda o‘zining to‘rt nafar manbasiga tayanib, CNN xabar berdi.

Telekanalga ko‘ra, ushbu mablag‘lar Eronning tinch yadroviy dasturini rivojlantirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, pullar AQSHdan emas, balki Isroil va Eron o‘rtasidagi urushdan avval bu masalada suhbatlashilgan arab davlatlaridan kelishi ko‘zda tutilmoqda.

“Kimdir bu dastur uchun to‘lashga majbur bo‘ladi, lekin biz bunday majburiyatni zimmasiga olmaymiz”, degan Oq uy vakili.

Tramp ma’muriyati faqat milliardlab dollarlik investitsiyalar bilan cheklanib qolmay, Eron ustidan ayrim sanksiyalarni olib tashlash hamda xorijiy banklarda muzlatilgan Eronning 6 milliard dollar mablag‘ini olish imkonini ham taqdim etishni taklif qilmoqda. Yana bir g‘oya – AQSHning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilari tomonidan Fordodagi zararlangan yadroviy ob’ekt o‘rniga uran boyitish imkoniyatisiz yangi infrastrukturani qurishga homiylik qilish. Tramp ma’muriyatining bildirishicha, bu takliflar Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olishga qaratilgan.

Oq uy Vashingtonning takliflari Isroil bilan o‘zaro zarba almashinuvi va AQSHning Eron yadroviy markazlariga hujumlaridan so‘ng Tehronni kelishuvga undaydi degan umidda.

Biroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Eron hozircha AQSH bilan muzokaralarni qayta boshlashga tayyor emasligini ma’lum qilgan. “Reuters” nashri ma’lumotiga ko‘ra, Isroil bilan qurolli mojarolar vaqtida Aroqchi AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan bir necha marta telefon orqali muloqot qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron parlamenti Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikni to‘xtatishni ma’qullagan edi. AQSHning joriy yilning 22 iyunga o‘tar kechasi uyushtirgan hujumidan ham oldin Eron MAGATE xodimlarining o‘z yadroviy ob’ektlariga kirishini keskin cheklagandi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil may o‘rtalariga kelib, Eron taxminan 409 kg yuqori darajada boyitilgan uranga ega bo‘lgan. Bu miqdor taxminan o‘nta yadro quroli ishlab chiqish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. MAGATE rahbari Rafael Grossi bu moddalar qayerda saqlanayotganini aniqlash imkoni yo‘qligini bildirgan. Eron esa bu zaxiralarni hujumlardan avval boshqa joyga ko‘chirib ulgurganini da’vo qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp yadroviy qurol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing