AQSH eronlik rasmiylarga JCH-2026 qur’asi uchun viza bermadi

Sport

image

AQSH kelasi oy bo‘lib o‘tadigan 2026 yilgi Jahon chempionati qur’asi uchun Erondan boradigan 9 kishilik futbol delegatsiyasiga kirish vizasini bermadi. Bu haqda Eron futbol federatsiyasiga tayanib, “Press TV” xabar berdi.

Eron futbol federatsiyasi matbuot kotibi Amir-Mehdi Alaviyning ma’lum qilishicha, vizadan mahrum etilganlar qatorida federatsiya prezidenti Mehdi Toj, Eron milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Amir G‘alenoiy va yana yetti nafar rasmiy bor. Ularning barchasi 5 dekabr kuni Vashingtonda o‘tkazilishi kutilayotgan tadbirga bora olmaydi.

Alaviyning so‘zlariga ko‘ra, Toj bu masala yuzasidan FIFA prezidenti Janni Infantino bilan bog‘langan. Natijalar esa keyingi ikki hafta ichida ma’lum bo‘ladi. U, shuningdek, AQSH tomonidan vizani hujjatlar yetishmasligi sababli rad etilganini inkor etib, hujjatlar hali yuborilish jarayonida ekanini va bu jarayon ertaga, 4 oktyabr kuni yakunlanishini aytgan.

Qayd etish joiz, joriy yilning iyun oyida AQSH Prezidenti Donald Tramp 12 mamlakat, jumladan Eron fuqarolariga ham to‘liq sayohat taqiqini joriy qiluvchi farmonga imzo chekkan edi. U 2017 yilda ham prezidentlikning birinchi muddatida shunga o‘xshash sayohat taqiqini imzolagan bo‘lib, bu o‘sha paytda tartibsizlik va huquqiy bahslarga sabab bo‘lgan.

Ta’qiq allaqachon 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan Eron milliy terma jamoasining AQSH, Kanada va Meksikada o‘tadigan musobaqadagi ishtirokini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Sport mutaxassislarining fikricha, terma jamoaning o‘zi va murabbiylar shtabi bu borada ehtimol muammoga duch kelmaydi, biroq Eron futbol federatsiyasining ayrim rasmiylari, sport jurnalistlari va ayniqsa, muxlislar uchun bu katta to‘siq bo‘ladi. Shu sababli federatsiya hech bo‘lmaganda Eronning o‘yinlari AQSHda emas, Kanadada yoki Meksikada o‘tkazilishiga umid qilmoqda.

Ma’lumki, Eron va AQSH 45 yildan ortiq vaqt mobaynida diplomatik aloqalarga ega emas va siyosiy raqib sifatida qaraladi. Shunga qaramay, AQSHda qariyb ikki million eronlik yashaydi.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi FIFA erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikaning 16 shahrida o‘tkaziladi. Turnir qur’asi 12 ta guruhni – har birida 4 tadan jamoani, shuningdek guruh bosqichi qaysi shahar va sanalarda o‘tkazilishini aniqlab beradi. Qur’a marosimi Vashingtondagi Jon F. Kennedi nomidagi San’at markazida o‘tkaziladi. Unda jamoalar vakillari, elchilar, musobaqa mezbon shaharlaridan muxlislar va jahon OAV vakillari ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh viza Eron JCh-2026

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing