AQSH Eronga qarshi yashirin operatsiya o‘tkazish imkonini o‘rganmoqda – “Bloomberg”
Olam
−
29 yanvar
4010Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqdagi o‘z bazasiga qilingan hujumga javob tariqasida Eronga qarshi maxfiy operatsiya o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Agentlikning ismini oshkor etmagan manbasining aytishicha, uch nafar amerikalik harbiy xizmatchining o‘limiga sabab bo‘lgan hujum Qo‘shma Shtatlar tomonidan HAMASning Isroilga zarbasidan so‘ng ko‘rilgan choralaridan ham “qattiqroq javob qaytarilishiga sabab bo‘ladi”.
“Bloomberg” mumkin bo‘lgan harakatlar orasida Qo‘shma Shtatlar Eronga zarba beradigan "yashirin operatsiya" ko‘rinishlarini sanab o‘tdi.
"AQSH Eron rasmiylariga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilishi mumkin", deb yozadi agentlik.
Shu bilan birga, Vashington bu kampaniyada ishtirok etishini e’lon qilmaydi. Manbaga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlardan qanday munosabat bo‘lishidan qat’i nazar, Prezident Jo Bayden o‘zining hozirgi lavozimida "eng muhim qarorlardan birini" qabul qilishi kerak. Agentlikning fikricha, bu Vashington va Tehron o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri qarama-qarshilikka olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 yanvar kuni Amerika harbiy bazasiga hujum uyushtirilgan edi. AQSH Markaziy qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, dron Iordaniya shimoli-sharqidagi harbiy bazaga zarba bergan. Keyinroq Iordaniya Aloqa vaziri va hukumat vakili Muhannad al-Mubaydin qirollikda Amerika kuchlariga hujum qilingani haqidagi xabarni rad etdi. Unga ko‘ra, Suriyaning Iordaniya bilan chegarasi yaqinidagi al-Tanf hududidagi AQSH bazasiga hujum qilingan. Prezident Jo Bayden hujumda “Suriya va Iroqda faoliyat yuritayotgan Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan jangarilar”ni aybladi. Eron voqeaga aloqadorligini rad etadi. Hujum oqibatida 3 nafar amerikalik askar halok bo‘ldi, 34 kishi yaralandi.
LiveBarchasi