AQSH Eronga qarshi dengiz blokadasini bekor qildi
Olam
−
09:13 1319 1 daqiqa
AQSH Eronga qarshi joriy etilgan dengiz blokadasini bekor qildi va mamlakat portlariga olib boradigan barcha dengiz yo‘llarini kemalar harakati uchun qayta ochdi. Bu haqda AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi xabar berdi.
Qo‘mondonlikning ma’lum qilishicha, qaror Prezident Donald Tramp topshirig‘iga ko‘ra qabul qilingan. Endi Amerika harbiy kuchlari Eron portlariga kirayotgan yoki ulardan chiqayotgan kemalar harakatiga to‘sqinlik qilmaydi.
“Bugun AQSH kuchlari Eron portlariga kiruvchi va chiquvchi barcha dengiz harakatiga nisbatan blokadani bekor qildi. Kemalarning Eron portlariga borishi yoki ulardan qaytishiga hech qanday cheklov qo‘yilmaydi. Blokadani ta’minlash bo‘yicha barcha choralar to‘xtatildi”, deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, AQSH harbiy-dengiz kuchlari mintaqada qoladi. Qo‘mondonlikka ko‘ra, harbiy kemalar erishilgan kelishuv shartlariga rioya etilishini nazorat qilishda davom etadi.
Avvalroq, AQSH va Eron o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi elektron shaklda imzolangani xabar qilingan edi. Shu munosabat bilan 19 iyun kuni Jenevada o‘tkazilishi rejalashtirilgan rasmiy imzolash marosimi bekor qilingan. Keyinroq AQSH tomoni Eron bilan erishilgan memorandumning rasmiy matnini ham e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq CNN nashri AQSH va Eron o‘rtasida tuzilgani aytilgan, “Islomobod memorandumi” deb nomlangan 14 banddan iborat o‘zaro anglashuv memorandumining to‘liq matnini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi