AQSH Eronga aloqador 85 dan ortiq nishonga zarba berdi
Olam
−
03 fevral
8001AQSH kuchlari Iordaniyadagi amerikalik askarlarga qarshi hujumga javoban Iroq va Suriyadagi 85 dan ortiq nishonga zarba berdi. Bu haqda AQSH Markaziy qo‘mondonligi xabar berdi.
“2 fevral kuni 04:00 da Markaziy qo‘mondonlik kuchlari Iroq va Suriyada Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tegishli “Al-Quds” maxsus kuchlari va unga aloqador guruhlarga qarshi havo hujumlarini boshladi. AQSH Qurolli kuchlari 85 dan ortiq nishonga zarba berdi", deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, operatsiyada “ko‘plab samolyotlar”, jumladan, uzoq masofali bombardimonchi qiruvchilar ham ishtirok etgan. Bombalangan nishonlar qo‘mondonlik va boshqaruv punktlari, razvedka markazlari va dron omborlari bo‘lib, havo hujumlarida “125 dan ortiq aniq boshqariladigan o‘q-dorilar” ishlatilgan.
AQSH Prezidenti Jo Bayden Suriya va Iroqdagi amerikalik askarlarga hujum qilgan guruhlarga aloqador nishonlarga zarba berishni buyurganini aytdi.
"Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqda yoki dunyoning boshqa joylarida mojaroga intilmayapti. Ammo kim bizga zarar yetkazmoqchi bo‘lsa, shuni bilsinki, agar siz amerikalikka ziyon keltirsangiz, biz javob beramiz”, deydi Bayden.
AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, Eron bilan bog‘liq ob’ektlarga zarbalar "AQSH javobining boshlanishi" edi.
"Prezident Bayden Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusi va unga aloqador jangarilarni AQSH va koalitsiya kuchlariga qilgan hujumlari uchun javobgarlikka tortish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni buyurdi. Ular biz tanlagan vaqtda va biz tanlagan joyda qabul qilinadi. Biz Qo‘shma Shtatlar, kuchlarimiz va manfaatlarimizni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz ", deya ta’kidlaydi Pentagon rahbari.
Eslatib o‘tamiz, 28 yanvar kuni Suriya-Iordaniya chegarasi yaqinidagi AQSH harbiy bazasiga qilingan dron hujumi oqibatida uch nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan va bir necha o‘nlab kishi jarohatlangan edi. Hujum uchun javobgarlikni Iroq qarshiligi deb atalgan guruh o‘z zimmasiga oldi. AQSH esa o‘z askarlarining o‘limida Eronni aybladi. Prezident Bayden bunga o‘zi mos deb hisoblagan vaqtda va darajada javob qaytarishga va’da berdi. Tehron esa hujumga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni rad etdi. “Politico” gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Jo Bayden qarshi javob choralarini ishlab chiqishni buyurgani, ehtimoliy takliflar qatorida Iroq va Suriyadagi Eron harbiy xizmatchilariga hujum ham ko‘rib chiqilayotganini yozdi.