AQSH Eronga hujumlar uyushtirdi, Tehron esa AQSH ob’ektlariga zarba berdi
Olam
−
16 iyul 3967 3 daqiqa
AQSH Eronning sohil mudofaasi va raketa ob’ektlariga qarshi yangi hujumlar amalga oshirdi, Tehron esa bunga javoban qo‘shni davlatlardagi Amerika harbiy ob’ektlariga zarba berdi. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.
AQSH kecha, 15 iyul kuni Eron portlariga nisbatan dengiz qamalini qayta joriy etgach, mamlakatning sohil mudofaasi va raketa ob’ektlariga ikki bosqichli hujum uyushtirgan. Eron esa bunga javoban qo‘shni davlatlarda joylashgan AQSH harbiy ob’ektlarini nishonga olganini ma’lum qilgan va buni Amerika bilan kechayotgan “mavjudlik uchun urush” deb atagan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, harbiylar AQSH sharqiy vaqti bilan soat 06:00 atrofida Eronning Katta Tunb orolidagi sohil mudofaasi tizimlari hamda qanotli raketalarni saqlash va uchirish ob’ektlariga zarba bergan. To‘qqiz soat o‘tib esa mamlakatning bir nechta shaharlariga qarshi ikkinchi to‘lqin hujumlari amalga oshirilgan.
“AQSH kuchlari Eronning qo‘mondonlik markazlari, havo mudofaasi ob’ektlari, raketa va dron imkoniyatlari hamda sohil kuzatuv inshootlariga zarba berdi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozida joylashgan Eronning eng yirik porti va dengiz floti hamda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ob’ektlari joylashgan Bandar Abbos ham nishonga olingan. AQSH harbiylari avvalroq 90 daqiqalik hujum davomida Katta Tunb orolidagi sohil mudofaasi va qanotli raketa ob’ektlariga zarba berilganini ham ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi o‘z navbatida Bahrayn, Quvayt va Iordaniyadagi AQSH harbiy nishonlariga hujum qilinganini bildirgan. Korpusga ko‘ra, Quvaytdagi Ali Al Salem aviabazasida AQSH harbiylari to‘plangan hudud va radiolokatsiya tizimi raketa hamda dronlar bilan nishonga olingan.
AQSH harbiylari, shuningdek, ogohlantirishlarga bo‘ysunmagan va Xark oroli tomon yo‘l olgan bo‘sh neft tankerini Hellfire raketalari bilan uning mo‘ri qismiga zarba berib harakatdan to‘xtatganini bildirgan. Ma’lumotga ko‘ra, dengiz qamali qayta joriy etilganidan buyon ikki kema yo‘naltirib yuborilgan, yana biri esa ishdan chiqarilgan.
Eron ommaviy axborot vositalari Bandar Abbos, Ahvoz, Konarak, Sirik va Qeshm atrofida bir qator portlashlar yuz berganini xabar qilgan. “Press TV” Xondab shahrida ham kamida ikki marta portlash bo‘lganini ma’lum qilgan. “Mehr” agentligi esa Tehronda “dushman tahdidlari”ga qarshi havo mudofaasi tizimlari ishga tushirilganini yozgan.
Urush oqibatida asosan Eron va Livanda minglab odamlar halok bo‘lgan, millionlab aholi esa o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. “Tasnim” agentligining Sog‘liqni saqlash vazirligi vakiliga tayanib xabar berishicha, faqat iyul oyining o‘zida AQSH hujumlari oqibatida 35 kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Iordaniyadagi AQSH harbiy-havo bazasi Eronning ballistik raketalari bilan nishonga olinganini ma’lum qilgan hamda Iordaniya aholisini mamlakatdagi Amerika harbiy bazalarini tugatishga chaqirgan edi.
Live
Barchasi