Eron Iordaniyadagi AQSH harbiy bazasiga zarba berdi (video)
Olam
−
14 iyul 48426 2 daqiqa
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bugun, 14 iyul kuni Iordaniyadagi AQSH harbiy-havo bazasi Eronning ballistik raketalari bilan nishonga olinganini ma’lum qildi hamda Iordaniya aholisini mamlakatdagi Amerika harbiy bazalarini tugatishga chaqirdi. IIQK bu haqdagi bayonotini “Fars News” agentligida e’lon qildi.
“Biz sizlarning mamlakatingizga nisbatan hech qanday adovatimiz yo‘qligini yaxshi bilasiz. Aksincha, Falastin xalqi dardi va zulmini boshqa har qanday millatdan yaxshiroq tushunadigan olijanob xalq sifatida sizlarni yaxshi ko‘ramiz”, deyiladi bayonotda.
Iordaniya Qurolli kuchlari esa mamlakat havo hududiga Eron tomonidan uchirilgan to‘rtta raketa kirgani va ular yo‘q qilinganini ma’lum qilgan.
Shu kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi Prezident Donald Tramp ko‘rsatmasiga binoan boshlangan Eronga qarshi navbatdagi zarbalar to‘lqini yakunlanganini bildirgan. Besh soat davom etgan mazkur hujumlar Tramp Eron kemalariga qarshi dengiz blokadasini qayta joriy qilgani hamda Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan barcha yuklar uchun 20 foizlik to‘lov joriy etish taklifini ilgari surganidan keyin Eronga qarshi uchinchi ketma-ket tungi hujum bo‘ldi.
Eron Qurolli kuchlari birlashgan qo‘mondonligi AQSHning mazkur suv yo‘lining kelajagini belgilashga hech qanday haqqi yo‘qligini bildirgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi X ijtimoiy tarmog‘ida Tehron Hormuz bo‘g‘ozining haqiqiy qo‘riqchisi bo‘lib qolishini ta’kidlab, “20 foiz, albatta, juda ko‘p. Biz adolatli bo‘lamiz”, deb yozgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Kongressni Eronda harbiy amaliyotlar qayta boshlanganidan rasman xabardor qilgan edi.
Live
Barchasi