AQSH Erondan o‘ch olmoqchi
Olam
−
18 Oktabr 2022
11449AQSH Eron Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berayotgani haqidagi xabarlar tufayli sanksiyalar kiritishni istisno qilmaydi. Bu haqda kecha, 17 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Vedant Patel ma’lum qildi.
“Eron bilan ishlaydigan har bir kishi, jumladan, uchuvchisiz samolyotlar, ballistik raketalar va qurol-yarog‘ uzatish sohasida juda ehtiyot bo‘lishi kerak. AQSH buni qilganlarga qarshi sanksiyalar va boshqa choralarni qo‘llashdan chekinmaydi. Men hech qanday aniq choralarni e’lon qilmayapman, lekin biz buni diqqat bilan kuzatib boramiz”, deydi u.
Avgust oyida “The Washington Post” gazetasi Eron Rossiyaga o‘z dronlarini yetkazib berayotgani haqida maqola chop etgan edi. Keyinchalik shunga o‘xshash bayonotlar Amerika ma’muriyati vakillari tomonidan qilingan. Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday xabarlarni “soxtalashtirish” deb atadi.
Sentyabr oyi oxirida Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullaxon Tehron Ukrainadagi mojaroda ishtirok etayotgan tomonlarning hech birini qo‘llab-quvvatlamasligi va Kiyevga ham, Moskvaga ham chet el qurollari yetkazib berilishiga qarshi ekanini aytdi.
Kuzatuvchilarning fikricha, Rossiya tomonidan Ukraina hududlarida foydalanilgan “Kamikadze” dronlari katta ehtimol bilan Eronga tegishli ekanligi aytilmoqda va bu Eronning BMT sanksiyalarini ochiq-oydin chetlab o‘tayotgani haqida signal bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, kecha 17 oktyabr kuni Ukraina hududi bo‘ylab Kiyevga uyushtirilgan dronlar hujumlari hamda Dnepr va Sumi viloyatlariga raketa zarbalaridan so‘ng havo ogohlantirishi e’lon qilindi. Ukraina poytaxtida havo hujumi 3 soat 8 daqiqa davom etdi, yangi zarbalar soat 9:31 da berildi. Erta tongda signal qabul qilingani sababli, dushanba kuni Kiyevdagi barcha ta’lim muassasalari masofaviy ish rejimiga o‘tkazildi.
LiveBarchasi