Eronga bomba tashlagan B-2 qanday samolyot?

Tahlil

image

Davlatlararo kechayotgan yirik urushlar safiga uchinchi bo‘lib qo‘shilgan Eron-Isroil urushining o‘n birinchi kunida unga AQSHning ham qo‘shilishi voqealar tizginini keyingi darajaga olib chiqdi. Amerika samolyotlari 22 iyun (Amerika vaqti bilan 21 iyun) kuni Eronning uchta yadroviy ob’ekti – Fordo, Natanz va Isfaxonga zarba berdi. Donald Trampning o‘sha kungi so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi uchta yadro ob’ekti “muvaffaqiyatli hujum” ostida qolgan. U, shuningdek, Eron yadro dasturining “toji” bo‘lgan Fordo endi yo‘qligini aytdi. Xo‘sh, Amerika hujumda foydalangan va havoda “zapravka” qilgan B-2 bombardimonchi samolyotlari haqida nimalar ma’lum? Ular qanday qilib hech qanday qo‘nishlarsiz 20 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi?

B-2'ning texnik xususiyatlari

B-2 – AQSHning eng ilg‘or strategik qurollaridan biri bo‘lib, u murakkab havo mudofaasiga kirib borish va yer ostiga yashirilgan yadro tadqiqot ob’ektlari kabi yirik nishonlarga aniq zarba berish imkoniyatiga ega.

B-2 bombardimonchi samolyoti eng qimmat harbiy samolyot bo‘lib, taxminan 2,1 milliard dollar qiymatga ega. Northrop Grumman kompaniyasi tomonidan yaratilgan ushbu samolyotning radar va boshqa kuzatuvchilar tomonidan ilg‘anmaslik, ya’ni stels texnologiyasi 1980 yillar oxirida ishlab chiqilgan. Biroq “Sovuq urush” tugagach, dastur qisqartirilib, atigi 21 dona samolyot ishlab chiqarilgan.

B-2 samolyotining yonilg‘i quyilmasdan 11 ming 112 km masofaga uchish imkoniyati AQSHning ichki harbiy bazalaridan butun dunyo bo‘ylab hujum qilish imkonini beradi. Havoda parvoz vaqtida yonilg‘i quyish orqali esa mazkur samolyotlar deyarli har qanday global nishonga yetib bora oladi, bu avval Afg‘oniston, Liviya va endi Erondagi missiyalarda o‘z isbotini topdi.

Samolyot 18 tonnadan ortiq bomba tashish quvvatiga ega bo‘lib, u keng doiradagi an’anaviy va yadroviy qurollarni olib yurishi mumkin. Ichki qurol bo‘lmalarida stels xususiyatlarini saqlagan holda katta o‘q-dorilarni joylashtirish mumkin, xususan, 13,6 tonnalik GBU-57A/B bunkeryorar bombalari shular jumlasidan.

Xabarlarga ko‘ra, Erondagi Fordo yadro tadqiqot ob’ektiga shunday bombadan oltitasi tashlangan.

B-2 samolyotining ikki kishilik ekipaji avtomatlashtirilgan tizimlar yordamida yuqori operativ samaradorlikni ta’minlaydi, shu bilan birga inson resurslarini tejaydi.

Stels texnologiyasi radarni yutuvchi materiallar va maxsus burchakli dizaynni o‘z ichiga oladi, bu esa uni dushman havo mudofaasi uchun deyarli aniqlab bo‘lmas holga keltiradi. Radar tasvirida u go‘yo qushdek kichik ko‘rinadi.

Bunkeryorar bombalar

13,6 tonnalik GBU-57A/B bunkeryorar bombalari AQSH arsenalidagi eng katta an’anaviy bomba hisoblanadi. U yer ostidagi mustahkam bunkerni yorib o‘tish uchun maxsus ishlab chiqilgan. Juda katta hajmi sababli, B-2 bitta missiyada atigi bir yoki ikki dona shunday bombani tashiy oladi, biroq ularning bunkerni yorib kirish quvvati beqiyos.

6,25 metr uzunlikka ega bomba GPS orqali aniq nishonga yo‘naltiriladi. U 60 metr chuqurlikdagi mustahkam betonni yorib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lib, dunyodagi eng kuchli himoyalangan yerosti inshootlariga qarshi samarali hisoblanadi.

Odatdagi yuklar

JDAM tizimi. 5 metrgacha aniqlikni ta’minlash orqali oddiy bombani ham aqlli, aniqligi yuqori qurolga aylantiruvchi ushbu tizim B-2'ga an’anaviy nishonlarga aniq zarba berish imkonini beradi. Ushbu samolyot bir vaqtning o‘zida GPS orqali yo‘naltirilgan ko‘p sonli qurollarni tashlashi va bir nechta nishonni yuqori aniqlik bilan urishi mumkin.

JSOW bombasi. Uzoq masofadan nishonlarni yo‘q qiluvchi ushbu aqlli bomba B-2'ning zarba masofasini kengaytiradi va shu bilan birga stels xususiyatlarini saqlaydi. Ushbu qanotli bombalar samolyotga kuchli mudofaa zonasiga kirmasdan turib nishonni urish imkonini beradi.

JASSM raketasi. Uzoq masofali, radar ko‘ra olmaydigan va nishonni aniqlik bilan uradigan mazkur havo-yer raketasi uzoq masofaga aniq zarba berish imkonini yaratadi. Uning JASSM-ER varianti 805 km uzoqlikdagi nishonlarga zarba berish imkonini beradi.

Yadro quroli tashish salohiyati

B-2 AQSHning yadroviy triadasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. U strategik yadroviy qurollarni yuqori aniqlik va stels texnologiyasi bilan yetkazib berish imkoniga ega. U 16 tagacha B83 yadroviy bombalarini olib yurishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Eron-Isroil B-2

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing