AQSH Eron bilan yashirin muzokara o‘tkazdi
Olam
−
15 iyun 2023
8103Bayden ma’muriyati Tehronda saqlanayotgan amerikalik mahbuslarni ozod qilish va mamlakatning o‘sib borayotgan yadro dasturini cheklash maqsadida Eron bilan muzokaralarni qayta boshladi. Bu haqda “Wall Street Journal” xabar berdi.
“AQSH va Eron rasmiylari, tomonlar o‘rtasidagi aloqalar qayta tiklanganidan so‘ng Vashington Iroq hukumatining Eron elektr energiyasi va gazi importi uchun 2,5 milliard yevro to‘lashini ma’qullagan. Bu pullar AQSHning iqtisodiy sanksiyalari tufayli oldin muzlatib qo‘yilgan”, deb yozadi gazeta.
AQSHning muloqotga kirishishi Eron uranni boyitishda muvaffaqiyat qozongani va Fors ko‘rfazidagi ba’zi neft tankerlarini tutib olgani haqidagi xabardan keyin kuchaygan keskinlikni yumshatishga qaratilgan.
Shuningdek, nashrning ta’kidlashicha, AQSH Prezidenti ma’muriyati Eron bilan muzokaralar olib borayotganini yashirishga harakat qilmoqda. Chunki bu choralar AQSHda prezidentlik saylovlari yaqinlashayotgan hamda respublikachilar va Kongressdagi ba’zi demokratlar Eron kelishuviga qarshi chiqayotgan bir paytda juda muhim deb hisoblanadi.
2018 yilda AQSH sanksiyalarni qayta joriy qilganidan beri Eron o‘zining yadroviy faoliyatini kengaytirdi va ikki yildan ortiq vaqt davomida 60% boyitilgan uranni to‘pladi. Eronda kamida ikkita yadro quroli uchun yetarli 60% materiallar mavjud va uni bir necha kun ichida qurol darajasida boyitilgan uranga aylantira oladi, deydi AQSH rasmiylari.
Agar yozda keskinliklar sovisa, bu kengroq muzokaralarga, hatto, 2015 yilgi yadroviy kelishuv bo‘yicha munozaralar qayta tiklanishiga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron o‘zining 1400 kilometr masofani bosib o‘tish va barcha mudofaa qobiqlarini yorib o‘tish imkoniyatiga ega “Fattoh” nomli birinchi gipertovushli ballistik raketasini namoyish qilgan edi.
Shuningdek, Eron “Xoramshahr 4” ballistik raketasining takomillashtirilgan versiyasi bo‘lgan, og‘irligi 1500 kilogrammni tashkil etadigan va 2000 km masofaga uchishga mo‘ljallangan yangi “Xaybar” ballistik raketasini sinovdan o‘tkazgandi.
Ibrohimjon G‘afforov
LiveBarchasi