AQSH elektron qurilmalarga bojni bekor qildi
Olam
−
12 aprel
2583AQSH smartfonlar, kompyuterlar va boshqa bir qator elektron qurilmalar hamda ularning komponentlarini o‘zaro boj to‘lovlaridan ozod qildi. Bu haqda mamlakat bojxona va chegara xizmatining yangilangan ko‘rsatmasida so‘z boradi.
“Import qiluvchilar hal qilinmagan arizalar bo‘yicha yakuniy hisobotlarga tuzatishlar kiritish yoki hal qilingan arizalar uchun muddati tugamagan bo‘lsa, norozilik bildirish orqali to‘lovlarning qaytarilishini talab qilishlari mumkin”, deyiladi hujjatda.
Shunday qilib, bojdan ozod qilish 5 apreldan boshlab amalga oshirilgan import tovarlariga taalluqli bo‘ladi. Hujjatda 20 ta tovar klassifikatsiyasi kodi keltirilgan bo‘lib, ularga noutbuklar, planshetlar, smartfonlar, modemlar, tashqi qattiq disklari, flesh-xotiralar, monitorlar, tranzistorlar, o‘zgartirgichlar (konvertorlar) va boshqa yarim o‘tkazgich qurilmalar kiradi.
CNBC nashrining yozishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan boj to‘lovlari Apple kabi yirik texnologik kompaniyalar uchun eng salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Savdo urushi keskinlashganidan so‘ng, AQSHning Xitoy importiga nisbatan boj stavkalari 145 foizgacha oshgan, Pekin esa 125 foizlik javob bojlarini joriy qilgan edi. Evercore ISI investitsiya kompaniyadi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyda iPad’larning 80 foizi, Mac kompyuterlarining yarmi ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, iPhone smartfonlarining taxminan 90 foizi ham Xitoyda yakuniy yig‘uvdan o‘tadi. Apple ishlab chiqarishni AQSHga ko‘chirsa, smartfon narxi 1000 dollardan 3500 dollargacha oshib ketishi mumkin edi.
CNBC'ning yozishicha, kelajakda elektronika uchun qo‘shimcha bojlar joriy etilishi mumkin, biroq ular Xitoyga nisbatan amalda bo‘lgan 145 foizli stavkalardan ancha past bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp umumiy hisobda 211 ta mamlakat va hududdan olib kiriladigan mahsulotlarga 50 foizgacha boj belgilagan edi https://qalampir.uz/news/tramp-uzbekiston-tovarlariga-ham-bozh-zhoriy-k-ildi-116879 . Bu choralar 5 aprel kuni kuchga kirgan. Oqibatda dunyo bo‘ylab fond bozorlarida keskin pasayish kuzatilgan, ko‘plab davlatlar, jumladan Xitoy, javob choralarini ko‘rgan edi. Buning fonida Apple aksiyalari 23 foizga arzonlashgan, bu 2000 yildan beri eng yomon ko‘rsatkich bo‘lgandi. Shuningdek, Smartfonlar narxi keskin oshib ketishidan cho‘chigan xaridorlar do‘konlarda iPhone xarid qilish uchun ommaviy navbat yuzaga kelgan edi.
Keyinroq Donald Tramp 90 kun davomida savdo bo‘yicha hamkorlarga nisbatan keng ko‘lamli bojlarni joriy etishni to‘xtatib turishini ma’lum qildi. Biroq shu muddat ichida har bir mamlakat uchun 10 foizlik boj amal qiladi.
LiveBarchasi