AQSH elchisi O‘zbekiston va Qirg‘izistonga Bobomurod Abdullayev masalasida murojaat qildi
Jamiyat
−
13 avgust 2020
19757Avvalroq, jurnalist Bobomurod Abdullayev O‘zbekiston so‘rovi bilan Qirg‘izistonda hibsga olingani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bergan ma’lumotga ko‘ra, uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish masalasi ko‘rilyapti.
AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum Bobomurod Abdullayevning hibsga olinishiga munosabat bildirdi.
“Men Qirg‘iziston Hukumati O‘zbekiston Hukumati talabi bilan o‘zbek jurnalisti Bobomurod Abdullayevning qamoqqa olinishidan xavotirdaman. Biz uning ishini diqqat bilan kuzatyapmiz”, deydi elchi Rozenblyum.
Diplomat Qirg‘iziston va O‘zbekiston Hukumatlari Abdullayevning harakatlanish erkinligini hurmat qilishi kerakligini ta’kidlagan.
“Qirg‘iziston va O‘zbekiston Hukumatlari janob Abdullayevga Qirg‘iz Respublikasidan o‘zi istagan joyga chiqib ketishiga qo‘yib berishi kerak”, deydi Daniel Rozenblyum.
Elchi OAV erkinligini ta’minlash muhimligini, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bu borada bot-bot gapirishini eslatib o‘tgan.
“Prezident Mirziyoyev o‘tgan yili Konstitutsiya kunidagi nutqida va undan keyin ham ko‘p bor OAV erkinligi va jurnalistlar huquqlari to‘g‘risida chiroyli gapirgandi. AQSH mustaqil OAV demokratiyaning to‘g‘ri amal qilishi uchun muhim deya ishonadi”, degan Daniel Rozenblyum so‘zi so‘ngida.
Ma’lumot uchun, jurnalist Bobomurod Abdullayev 2017 yil sentyabrda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-bandi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsion tizimiga qarshi tajovvuzda ayblanib hibsga olingandi.
Uzoq davom etgan tergov va sud ishidan so‘ng, ayblanuvchi Bobomurod Abdullayev Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-bandi bilan aybdor, deb topilgan va unga 3 yil axloq tuzatish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Abdullayevning ish haqidan 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolinishi belgilab qo‘yilgan. Abdullayev 221 kun hibsda saqlanganini hisobga olgan holda, ushbu muddat jazo muddatidan chiqarib tashlandi. Shundan keyin Bobomurod Abdullayevni nazorat qilish uning o‘zi yashab turgan Toshkent shahridagi Yakkasaroy IIBga topshirilgan.