AQSH elchisi Rossiya qamog‘idagi Gershkovich bilan uchrashdi

Olam

image

AQSHning Rossiyadagi elchisi Lin Treysi josuslikda gumonlanib, hibsga olingan va hozirda Lefortovo tergov izolyatorida saqlanayotgan “The Wall Street Journal” (WSJ) jurnalisti Evan Gershkovich bilan uchrashdi. Bu haqda AQSHning Rossiyadagi elchixonasining Twitter sahifasida ma’lum qilindi.

“Bugun men Lefortovo tergov izolyatorida WSJ muxbiri Evan Gershkovichni ko‘rgani bordim. Biz ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin Evan noqonuniy hibsga olinganidan beri birinchi marta u bilan uchrashishga ruxsat oldik. Uning sog‘lig‘i yaxshi va kuchli. Biz Evanni zudlik bilan ozod qilishga chaqiruvimizni yana bir bor takrorlaymiz”, degan elchi Lin Treysi.

AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild esa Amerika tomoni Gershkovichga konsullik xizmatidan foydalanishga ruxsat berilganidan mamnun ekanini, biroq uning ozod etilishini talab qilishda davom etishini bildirgan. 

“Men bu haqda ertalab bilib oldim. Biz u bilan uchrashish imkoniga ega bo‘lganimizdan juda xursandmiz, lekin baribir uni so‘zsiz ozod qilishga chaqiramiz”, degan AQSHning BMTdagi doimiy vakili.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Gershkovichni Amerika tomonining ko‘rsatmasi asosida Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plaganlikda ayblab, hibsga olgan edi. Unga qarshi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi (josuslik) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan edi. WSJ va AQSH hukumati bu ayblovlarni rad etgan, davlat departamenti esa Rossiyadagi amerika fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirdi. 2 aprel kuni esa AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali gaplashib, jurnalistni ozod etishni talab qildi.  10 aprel kuni AQSH Davlat departamenti “The Wall Street Journal” muxbiri Evan Gershkovichni nohaq hibsga olingan, deb e’lon qildi va mazkur qadam jurnalistni almashish bo‘yicha muzokaralar olib borishga potensial yo‘l ochishi aytildi. Kecha, 17 aprel kuni esa AQSH BMTda 40 ga yaqin davlat bilan hammualliflikda Gershkovichning Rossiyada josuslikda ayblanib, hibsga olinishi munosabati bilan bayonot tayyorladi. Hujjatda Rossiya rasmiylari siyosiy sabablarga ko‘ra qamalganlarni ozod qilishga chaqirildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Lin Treysi Gershkovich

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing