AQSH Davlat departamenti Kongressni chetlab o‘tib, Isroilga qurol sotishni ma’qulladi
Olam
−
30 dekabr 2023
7010AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga taxminiy qiymati 147,5 million dollarga teng bo‘lgan M107 artilleriya snaryadlari va tegishli asbob-uskunalarni sotishni ma’qulladi. Tegishli bayonot bugun, 30 dekabr kuni AQSH Mudofaa xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik agentligi (DSCA) rasmiy saytida e’lon qilindi.
Departamentning qayd etishicha, AQSH Kongressi ehtimoliy qurol savdosi haqida xabardor qilingan, biroq Davlat departamenti odatda qurol eksporti uchun rasmiylar tomonidan talab qilinadigan Kongress roziligini kutmaydi.
“Blinken Kongressga favqulodda vaziyat mavjudligini batafsil asoslab berdi, bu esa yuqorida qayd etilgan mudofaa tovarlari va xizmatlarini AQSH milliy xavfsizligi manfaatlari uchun Isroil hukumatiga zudlik bilan sotishni talab qiladi”, deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, bunday miqdorda qurol-yarog‘ sotilishi AQSHning mudofaa qobiliyatiga ta’sir qilmaydi.
Ma’lumot uchun, Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqda mojaro avj olgandan keyin allaqachon mintaqaga qurol-yarog‘ yetkazib bergan va u yerga harbiy kemalar yuborgan. Biroq Isroilga yordam ko‘rsatishning ba’zi masalalari Amerika qonun chiqaruvchi organlari tomonidan ma’qullanishini kutmoqda. Dekabr oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden Kongressdan Merkava tanklari uchun Isroilga 500 million dollar miqdoridagi o‘q-dorilarni sotishni ma’qullashni so‘ragan. Davlat departamenti esa qonunchilarning qarorini kutmay, AQSH milliy xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda kelishuvni tasdiqlagan. Yangi bitimni Kongressdan kamida 9 yanvargacha ma’qullashning iloji bo‘lmasdi – AQSH Prezidenti ma’muriyatining Isroil va Ukrainaga yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qilishni shu vaqtgacha yakunlash to‘g‘risidagi chaqirig‘iga qaramay, organning ikkala palatasi ham bayram ta’tiliga chiqib ketdi. Vashingtonning Kiyev va Tel-Avivga harbiy yordam berishi haqidagi munozaralar bir necha oydan beri davom etmoqda.
LiveBarchasi