AQSH bosh infeksionistining koronavirus paydo bo‘lishiga aloqasi bormi?
Olam
−
23 iyul 2021
10057AQSHning bosh infeksionisti, Oq uyning bosh tibbiy maslahatchisi Entoni Fauchi Xitoy laboratoriyasida COVID-19 yuqishini qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlarni moliyalashtirishga yordam berganlikda ayblanmoqda.
AQSHning Respublikachilar partiyasidan bo‘lgan senator Rend Pol Fauchiga shunday ayblov qo‘ymoqda. Ammo olim bu ayblovlarni rad etmoqda.
Senator Rend Polga ko‘ra, olimlar Fauchining o‘zini oqlab e’lon qilgan bayonotlariga shubha bilan qaraydi. Biroq Fauchi mablag‘larni nazorat qilgani uchun, unga ochiqchasiga qarshi chiqishni istashmaydi.
“U (Fauchi — tahr.) u yerda 40 yil ishladi, balki keragidan 39 yil ko‘p, u barcha mablag‘larni nazorat qiladi, shuning uchun odamlar undan qo‘rqishadi”, degan Pol Fauchining Milliy allergiya va yuqumli kasalliklar institutini 1984 yildan beri boshqarib kelayotganiga ishora qilib.
Ta’kidlanishicha, Pol AQSH bosh infeksionisti Fauchining ashaddiy tanqidchilaridan biri hisoblanadi.
Qayd etilishicha, bundan avval ham senator virusolog bilan Uxan virusologiya institutida tadqiqotlar o‘tkazilishi masalasida ziddiyatga borgan.
“Doktor Fauchi, Kongressga yolg‘on gapirish jinoyat ekanligini bilgan holda, Milliy sog‘liqni saqlash instituti mutatsion tadqiqotlarni hech qachon moliyalashtirmasligini ta’kidlagan bayonotingizni qaytarib olmoqchimisiz?” degan Pol olimga qarata.
“Senator Pol, men Kongress oldida hech qachon yolg‘on gapirmaganman va bu bayonotni rad qilmayman”, deya javob bergan Fauchi.
Ayni paytda AQSH razvedka agentliklari ushbu laboratoriyadan virusning tasodifiy sizib chiqishi global pandemiyaga olib kelishi mumkinligi haqidagi nazariyalarni o‘rganmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, senator Rend Pol joriy yilning may oyidan Entoni Fauchini COVID-19 pandemiyasining kelib chiqishida aybdor ekanligini ta’kidlab kelgan. Senator o‘z taxminini Milliy sog‘liqni saqlash instituti tomonidan Uxan virusologiya institutidagi “funksiyalarni mustahkamlash” xavfli tadqiqotining moliyalashtirilishi orqali asoslab bergan. Entoni Fauchi Uxan laboratoriyasini moliyalashtirgan Milliy allergiya va yuqumli kasalliklar institutini uzoq yillardan beri boshqarib keladi.
LiveBarchasi