AQSH “Azov” bataloni haqidagi faktlarni ommaga e’lon qilishdan qo‘rqadi – Rossiya

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning “Azov” bataloni harbiylarining xatti-harakatlari haqidagi faktlarni ommaga e’lon qilishdan qo‘rqadi. Bu haqda kecha, 24 avgust kuni Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi bayonot bergan.

“Bo‘lajak sud harbiy jinoyatchilarga nisbatan adolatni o‘rnatish uchun mo‘ljallangan, ular orasida “Azov” polkining natsistlari ham bor. Vashington ushbu terrorchilik tashkiloti a’zolarining g‘ayriinsoniy harakatlaridan dalolat beruvchi faktlarni ommaga oshkor qilishdan aniq qo‘rqadi”, deyiladi elchixona xabarida.

Shuningdek, elchixona Mariupoldagi tribunal Kiyev rejimining asl mohiyatini yoritib bera olishiga ishonch bildirgan.

“Mariupoldagi xalqaro tribunal Kiyev rejimining asl mohiyatini yoritib bera oladi, bu rejimdan Qo‘shma Shtatlar qunt bilan yorqin va qahramonlik qiyofasini yaratmoqda. Amerika fuqarolari ularning hukumati tinch aholini qasddan o‘ldirayotgan, Donbass va Ukrainaning rus aholisini masxara qilayotganlarga yordam berayotganini nihoyat bilib olishadi”, deydi rus diplomatlari.

Bundan tashqari, elchixona Rossiya Jeneva konvensiyalariga to‘liq rioya qilishini va ukrainalik harbiy asirlarni qamoqda saqlash sharoitlarini kafolatlashini ta’kidlagan.

Qayd etish kerakki, Rossiya Federatsiyasi nazorati ostidagi Mariupolda, “Azov” polki harbiylari ustidan sud jarayoni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Tan olinmagan DXRda buni tribunal deb baholashyapti. Avgust oyi boshida “Life” nashri Mariupol filarmoniyasidan videoni e’lon qildi, u yerda bo‘lajak sudda sudlanuvchilar uchun metall qafaslar qurilgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiylarni sud qilish mumkin emasligini ta’kidlab, bu mazax qilish ekanini va bu sodir bo‘lsa, rasmiy Kiyev muzokaralardan butkul bosh tortishini ma’lum qildi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

264

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing