AQSH amerikaliklarni noqonuniy hibsga olgan davlatlarga nisbatan sanksiyalarni kuchaytiradi
Olam
−
05 aprel 2023
6910AQSH hukumati Amerika fuqarolari noqonuniy hibsga olingan mamlakatlarga nisbatan cheklovlarni kuchaytirishga tayyor. Bu haqda bugun, 5 aprel kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Bryusseldagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Bryusselda bo‘lib o‘tayotgan NATOga a’zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etgan Entoni Blinken Vashingtonning amerikaliklarni noqonuniy hibsga olganlarga nisbatan bosimni oshirishga tayyor ekanini aytgan.
“Bunday holatlarda noqonuniy hibsga olingan odamlarni qaytarish uchun qilinishi kerak bo‘ladigan ishlar va ularning qay birini sinab ko‘rish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash kerak. Biz odamlarni o‘z vatanlariga qaytarish bilan shug‘ullanar ekanmiz, Amerika fuqarolarining noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishiga aloqador bo‘lganlarga nisbatan bosim va sanksiyalarni kuchaytirishimiz mumkin”, degan Blinken.
Shuningdek, u Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida Moskvada josuslikda ayblanib, hibsga olingan Amerika fuqarosi Pol Uilan borasidagi AQSH takliflarini qabul qilishga chaqirganini aytgan.
“Pol Uilan haqida gapiradigan bo‘lsak, AQSHning taklifi bor va u bir necha oydan beri mavjud. Tashqi ishlar vaziri Lavrov bilan suhbatda men Polni vataniga qaytarishimiz uchun Rossiya bu taklif ustida ishlashi kerakligini yana bir bor ta’kidladim”, degan AQSH Davlat kotibi.
Bundan tashqari, Blinken Lavrov bilan Amerikaning “The Wall Street Journal” gazetasi jurnalisti Evan Gershkovichning hibsga olinishini ham muhokama qilganini va uni zudlik bilan ozod qilishni talab qilganini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, AQSH, Kanada, Irlandiya hamda Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan Pol Uilan 2018 yilning 28 dekabrida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Moskvadagi Metropol mehmonxonasidagi xonada josuslik kompaniyasi chog‘ida qo‘lga olingan. FXX tergov bo‘limi unga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi (Josuslik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Moskva shahar sudi Uilanni aybdor deb topgan va uni 16 yilga tartibli koloniyaga hukm qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 mart kuni Yekaterinburgda “The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovich josuslikda gumon qilinib, FXX tomonidan hibsga olingan edi. Shundan so‘ng AQSH Davlat departamenti Rossiyadagi barcha Amerika fuqarolarini zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirgandi. 2 aprel kuni esa Blinken shu masalada Lavrov bilan telefonda gaplashgan edi.
LiveBarchasi