AQSH husiylarga qarshi operatsiya e’lon qildi
Olam
−
19 dekabr 2023
8092AQSH hukumati va boshqa ba’zi davlatlar Yamandagi husiylarning hujumlaridan kelib chiqib, Qizil dengizda navigatsiya erkinligini ta’minlash va kemalarni himoya qilish maqsadida operatsiya o‘tkazish niyatida. Bu haqda Pentagon rahbari Lloyd Ostinning kecha, 18 dekabr kuni e’lon qilingan bayonotida aytildi.
“Yamandagi husiylarning so‘nggi paytlarda o‘ylanmasdan qilingan hujumlarining kuchayishi erkin savdoga tahdid soladi, begunoh dengizchilarni xavf ostiga qo‘yadi va xalqaro qonunlarni buzadi”, deyiladi bayonotda.
Unda Qizil dengizda kemalarning erkin o‘tishi xalqaro savdo uchun nihoyatda muhim ekani ta’kidlangan.
"Navigatsiya erkinligining asosiy tamoyilini qo‘llab-quvvatlashga sodiq bo‘lgan davlatlar xalqaro suvlardan qonuniy ravishda o‘tayotgan ko‘plab davlatlarning savdo kemalarini nishonga olgan ballistik raketalar va uchuvchisiz uchish qurilmalari bilan bog‘liq nodavlat ishtirokchilar tomonidan qo‘yilgan chaqiriqlarga javob berish uchun kuchlarini birlashtirishi kerak", deydi Ostin.
AQSH Mudofaa vaziri husiylar bilan bog‘liq vaziyatni jamoaviy harakatni talab qiladigan xalqaro muammo ekanini aytdi.
“Men Birlashgan dengiz kuchlari homiyligida va ularning Qizil dengiz xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan 153-ishchi guruhi rahbarligida muhim yangi xalqaro tashabbus bo‘lgan “ Prosperity Guardian” operatsiyasini e’lon qilaman”, deydi Ostin.
Uning aytishicha, operatsiya barcha mamlakatlarning navigatsiya erkinligini ta’minlash, mintaqaviy xavfsizlik va farovonlikni mustahkamlash maqsadida Qizil dengiz janubi va Adan ko‘rfazidagi xavfsizlik muammolariga birgalikda javob berishga qaratilgan. Hujjatga ko‘ra, operatsiya ishtirokchilari qatoriga Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Fransiya kiradi.
Eslatib o‘tamiz, G‘azo sektorida Falastin-Isroil mojarosi avj olganidan so‘ng, Yamandagi husiylar Isroil hududiga hujumlar uyushtirishini va Falastin anklavidagi operatsiya to‘xtatilmaguncha Isroilga tegishli kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga ruxsat bermasligini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng husiylar bir necha bor Qizil dengizda suzayotgan kemalarga hujum qildi.
LiveBarchasi