AQSH Hukumati Facebook’ni sudga berdi. Instagram va WhatsApp sotilishi mumkin

Olam

image

AQSH Federal savdo komissiyasi va 46 shtat Facebook’ga qarshi da’vo arizalari bilan sudga murojaat qildi. Kompaniya monopoliyaga qarshi kurashish qonunlarni buzganlikda ayblanmoqda. Rasmiylarning talablaridan biri Instagram va WhatsApp ijtimoiy tarmoqlarining sotilishidir, deb yozadi “The Wall Street Journal”.

Facebook aksiyalari narxi 9 dekabr, chorshanba kuni 1,93 foizga pasayib, har bir aksiya narxi 277,92 dollarni tashkil qildi. Pasayishning kunlik eng yuqori darajasi 4 foizni tashkil etgan. Ya’ni har bir aksiya narxi 271,75 dollargacha tushib ketgan.

Hukumat nimani da’vo qilmoqda?

Ma’lum qilinishicha, 9 dekabr, chorshanba kuni sudga berilgan da’volarga ko‘ra, Instagram va WhatsApp’ni sotib olish Facebook’ning raqobatni yo‘qqa chiqarish strategiyasining bir qismi bo‘lib, unda kompaniya kichik startaplar faoliyatini sotib olib, ularning ishini muzlatib qo‘ygan.

“Facebook o‘zining ustunligi va monopol kuchidan kichikroq raqobatchilarni siqib chiqarish, raqobatni bo‘g‘ish va bularning hammasini kichik startaplar faoliyatini muzlatib qo‘yish uchun shug‘ullandi”, deydi Nyu-York Bosh prokurori Laetitsiya Jeyms.

Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya raqobatchilarg ijtimoiy tarmoqning ustunlik mavqeiga tahdid qilishidan oldin ularni sotib olish uchun katta miqdorda mablag‘ sarflagan. 

“Xususiy ijtimoiy tarmoqlar millionlab amerikaliklarning hayotida muhim o‘rin tutadi. Facebook’ning o‘z monopoliyasini mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilayotgan harakatlari iste’molchilarning huqularini buzmoqda” deydi, Federal savdo komissiyasining Raqobat byurosi direktori Yan Konner.

Facebook qanday javob berdi?

Facebook Instagram va WhatsApp’dan voz kechish talabiga javoban, tarixni qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Kompaniya WhatsApp messenjerini 2014 yilda 19 milliard dollarga sotib olgan. Instagram foto almashish ijtimoiy tarmog‘i esa, Facebook tomonidan 2012 yilda 1 milliard dollarga sotib olingan.

Ushbu ayblovlarga javoban, ijtimoiy tarmoq o‘sha paytda ikkala bitim ham tegishli monopoliyaga qarshi idoralar tomonidan tekshirilganini bildirdi. Federal savdo komissiyasi a’zolari 2012 yildagi Instagram’ni sotib olish shartnomasini sinchkovlik bilan ko‘rib chiqqan va uni bir ovozdan ma’qullagan. Yevropa Komissiyasi WhatsApp’ning sotib olinishining potensial bozordagi raqobat xavfini aniqlamagan.

Avvalroq joriy yilning 20 oktyabr kuni AQSH Adliya vazirligi Google kompaniyasiga qarshi sudga murojaat qilib, kompaniya qidiruv va qidiruv reklamalarida ttakchi mavqeini saqlab qolish uchun raqobatga qarshi siyosat olib borayotganini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Facebook WhatsApp Instagram

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing