AQSH harbiylari Hormuz bo‘g‘ozining yopilishiga tayyorgarlik boshladi

Olam

image

AQSHning harbiy rasmiylari Eron tomonidan Hormuz bo‘g‘ozini yopish tahdidi ro‘yobga chiqadigan bo‘lsa, qanday choralar ko‘rilishini ko‘zda tutuvchi reja ustida ishlamoqda. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Nashr keltirgan harbiylar va tahlilchilarning fikricha, Eron tomonidan uyushtiriladigan raketa va dron hujumlari mintaqadagi AQSH bazalari va ob’ektlariga jiddiy tahdid soladi. Ba’zilar esa Eronning “Al-Quds” bo‘linmalari yoki unga sodiq proksi kuchlar AQSH kuchlariga bevosita hujum qilishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Bo‘g‘ozning eng tor qismida uning eni atigi 33 km bo‘lib, bu orqali dunyo bo‘yicha neft va gazning taxminan beshdan bir qismi tashiladi. Agar Eron bu yo‘lni to‘sib qo‘ysa, Fors ko‘rfazidagi AQSH minalarni yo‘q qiluvchi kemalari izolyatsiyada qolishi mumkin. Pentagonning ikki vakilining ma’lumotiga ko‘ra, AQSH Harbiy-dengiz kuchlari kemalarni xavfsizlik nuqtai nazaridan tarqatishga harakat qilmoqda.

Nashrning yozishicha, Eronning harbiy-dengiz kuchlari Isroilning yadro ob’ektlariga bir haftadan ortiq davom etayotgan amaliyotlarida hujumga uchramagan. Shu sababli Tehron hali ham mintaqada kuchli flotga ega. Taxminan 40 mingga yaqin AQSH harbiysi shu hududda joylashtirilgan. Shuningdek, Eron katta miqdorda suv osti minalariga ega bo‘lib, ularni Hormuz bo‘g‘oziga joylashtirish imkoniyatiga ega.

Karnegi fondining Eron bo‘yicha eksperti Karim Sadjodpur bunday ssenariyni “strategik jihatdan o‘zini portlatgan terrorchiga” qiyoslagan.

“Eron bo‘g‘ozni minalasa, mintaqaviy neft ob’ektlarini vayron qilsa yoki Isroilga raketa otib hujum qilsa, katta zarar yetkazishi mumkin. Biroq buning javobida Eronning o‘zi ham omon qolmasligi mumkin”, deyiladi xabarda.

AQSH dengiz flotining sobiq ofitseriga ko‘ra, Eron Hormuz bo‘g‘ozini minalash orqali AQSH uchun uni tozalash operatsiyasini juda xavfli va qimmatga tushadigan qilishi mumkin. Bu ish kamida bir hafta vaqt oladi.

Biroq bunday harakatning o‘zi Eronga ham katta iqtisodiy zarar yetkazadi, chunki mamlakat eksport qilayotgan neftning deyarli barchasi aynan shu yo‘ldan o‘tadi. AQSH va boshqa davlatlar ham bo‘g‘ozning yopilishi natijasida energiya narxlarining keskin oshishi orqali zararga uchrashi mumkin. Bu hududda AQSH harbiy-dengiz kuchlarining 5-floti savdo kemalarining xavfsizligini ta’minlab keladi.

Vortexa tahlil kompaniyasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil boshidan 2025 yil mayigacha bo‘g‘oz orqali kuniga 17,8 milliondan 20,8 million barrelgacha neft, kondensat va yoqilg‘i o‘tgan. Iroq, Eron, Quvayt, BAA va Saudiya Arabistoni kabi OPEK a’zolari eksportining asosiy qismini aynan shu bo‘g‘oz orqali, asosan Osiyoga yo‘naltiradi. Dunyoning eng yirik suyultirilgan gaz eksportchilari qatorida bo‘lgan Qatar esa o‘z mahsulotining deyarli barchasini Hormuz orqali yuboradi.

Eron parlamenti AQSH tomonidan Forudo, Natanz va Isfahondagi yadro ob’ektlariga bomba tashlanganidan so‘ng bo‘g‘ozni yopishni ma’qullagan. Parlamentdagi milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha komissiya a’zosi Ismoil Kousari yakuniy qarorni mamlakat Milliy xavfsizlik kengashi qabul qilishini ma’lum qilgan,

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan uchrashuv o‘tkazgani xabar qilingan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Hormuz bo'g'ozi Iroil-Eron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing