BAA Eronga yashirincha zarbalar berishni boshladi
Olam
−
12 may 4544 2 daqiqa
AQSH va Isroil tomonidan boshlangan urushda Eron zarbalaridan eng ko‘p jabr ko‘rgan Birlashgan Arab Amirliklari endilikda Eronni o‘zi bombardimon qila boshladi. Bu haqda voqeadan xabardor bo‘lgan bir necha manbalarga tayanib, “The Wall Street Journal” (WSJ) xabar berdi.
Qayd etilishicha, BAA g‘arbda ishlab chiqarilgan, jumladan, Fransiyaning Mirage va AQSHning F-16 qiruvchi samolyotlari hamda zamonaviy razvedka tizimlari bilan yaxshi qurollangan zamonaviy qurolli kuchlarga ega. Endilikda mamlakat o‘z iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va Yaqin Sharqdagi o‘sib borayotgan ta’sirini mustahkamlash uchun ushbu kuchlardan foydalanishga tayyor.
Isroil va AQSH kuchlari tomonidan Eron havo hujumidan mudofaa tizimlarining yo‘q qilinishi Amirliklar harbiy-havo kuchlari uchun xavf darajasini sezilarli darajada kamaytirgan. WSJ manbalariga ko‘ra, rasman tasdiqlanmagan hujumlar orasida 8 aprel kuni Fors ko‘rfazidagi Eronning Lavan orolida joylashgan neftni qayta ishlash zavodiga berilgan zarba ham bor. Bu hujum yirik yong‘inni keltirib chiqargan va zavod quvvatlarining katta qismini kamida bir necha oyga ishdan chiqargan.
Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, AQSH Amirliklar tomonidan berilayotgan zarbalarni yashirincha olqishlagan va Fors ko‘rfazidagi boshqa davlatlarning shunga o‘xshash harakatlarini ham ma’qullagan bo‘lardi. BAA Tashqi ishlar vazirligi ushbu operatsiyalarga izoh berishdan bosh tortgan, biroq mamlakatning dushmanona harakatlarga, jumladan, harbiy vositalar bilan javob berish huquqi to‘g‘risidagi avvalgi bayonotlariga ishora qilgan.
Joriy mojaro davomida BAA Eron hujumlarining asosiy nishoniga aylandi. Eron Amirliklar yo‘nalishida 2800 dan ortiq raketa va dronlarni uchirgan – bu boshqa har qanday davlatga, jumladan Isroilga qaraganda ham ko‘proqdir.
Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchi hamda BAAning iqtisodiy va siyosiy ta’siri ortishi haqidagi kitob muallifi Dina Esfandiarining fikricha, arab davlatining Eronga qarshi urushga kirishi muhim voqea.
“Endi Tehron BAA va mojaroni hal qilishda vositachilik qilishga urinayotgan Fors ko‘rfazidagi boshqa arab davlatlari orasiga nizo solishga yanada ko‘proq harakat qiladi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron o‘rtasida bir oydan beri amal qilib kelayotgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi “sun’iy nafas berish” holatida ekanini aytgan edi.
Live
Barchasi