Rossiya Eron xalqiga ko‘maklashish uchun harakat qilmoqda – Putin (video)
Olam
−
23 iyun 8817 2 daqiqa
Bugun, 23 iyun kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
“Siz Rossiyaga nihoyatda murakkab davrda – mintaqada va mamlakatingiz atrofida keskinlik kuchaygan bir paytda tashrif buyurdingiz. Bizning sodir bo‘layotgan voqealarga nisbatan pozitsiyamiz yaxshi ma’lum. Bu Rossiya nomidan Tashqi ishlar vazirligi tomonidan aniq ifodalangan va siz BMT Xavfsizlik Kengashida biz egallagan pozitsiyadan xabardorsiz”, degan Putin.
Shuningdek, u Eronga qarshi AQSH tomonidan sodir etilgan tajovuz butunlay asossiz va hech qanday oqlovga ega emas ekanini, Rossiya Eron bilan uzoq yillik do‘stona va ishonchli aloqalarga egaligini aytgan.
“Biz o‘z navbatida Eron xalqiga ko‘maklashish uchun harakat qilyapmiz. Siz bugun Moskvadasiz – bundan mamnunman. Bu bizga bu og‘ir masalalarni muhokama qilish va mavjud vaziyatdan chiqish yo‘llari ustida birgalikda fikr yuritish imkonini beradi”, deydi Rossiya yetakchisi.
Eron Tashqi ishlar vaziri esa Rossiyaga “Isroil va AQSHning harakatlarini qat’iy qoralagani” uchun minnatdorlik bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya “to‘g‘ri tomonda” turibdi.
Aroqchi, shuningdek, Yaqin Sharqdagi ziddiyatning keskinlashuvi AQSH va Isroilning Erondagi yadroviy ob’ektlarga nisbatan harakatlari tufayli yuzaga kelganini ta’kidlagan.
U Rossiya Eronning tinch atom dasturida har doim hamkor bo‘lib kelganini, shuningdek, Moskva Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarda ijobiy rol o‘ynaganini qo‘shimcha qilgan.
“Eron AQSH va Isroilning o‘z hududidagi harakatlarini noqonuniy deb hisoblaydi, shu bois, Tehron o‘zini himoya qilish huquqiga ega”, deydi Eron Tashqi ishlar vaziri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Kommersant” savoliga javoban Rossiya Eron-Isroil mojarosida Eron tomoniga harbiy yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatishi Tehronning qanday rasmiy so‘rov bilan murojaat qilishiga bog‘liq bo‘lishini aytgan edi.
Shuningdek, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Moskvaga borgani va u yerda mamlakat Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi xabar qilingan edi. Kecha, 22 iyun kuni Rossiyaga yetib kelgan Aroqchi o‘z intervyusida yangi xavfli sharoitda, global tartib izdan chiqayotgan bir paytda Moskvadagi maslahatlashuvlar nihoyatda muhim ahamiyatga ega ekanini aytgan.
Live
Barchasi