Aroqchi “jiddiy” maslahatlashuv uchun Putinning oldiga bordi

Olam

image

Kecha, 22 iyun kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Rossiya poytaxti Moskvaga bordi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Aroqchi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hamda boshqa yuqori martabali rasmiylar bilan Isroil va unga qo‘shilgan AQSHning Eron hududiga bergan zarbalaridan keyingi “mintaqaviy va xalqaro voqealar” yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazadi.

Aroqchi o‘zining Moskvaga qilinajak tashrifini joriy yilning 21 iyun kuni NBC telekanaliga bergan intervyusida e’lon qilgan va bugun, 23 iyun kuni Putin bilan uchrashishini bildirgan.

Rossiyaga tashrif buyurgan Abbos Aroqchi Moskvada Rossiya Prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida so‘nggi voqealardan keyin yuzaga kelgan umumiy tahdid va chaqiriqlarga qarshi hamkorlik masalalarini muhokama qilishini ma’lum qilgan. Aroqchining ta’kidlashicha, hozirda mintaqada o‘ziga xos holat hukm surmoqda va bu Eron hamda Rossiya o‘rtasidagi maslahatlashuvlar yanada aniqroq, jiddiyroq va yaqinroq bo‘lishini taqozo etmoqda.

U, shuningdek, bu tashrif AQSHning Eron Islom Respublikasiga qilgan hujumi va ushbu mamlakat tomonidan boshlangan yangi tajovuzdan so‘ng amalga oshirilayotganini qayd etdi.

“Tabiiyki, bu galgi muzokaralarimiz jiddiyroq bo‘ladi va kengroq masalalarni qamrab oladi”, deydi Aroqchiy.

Tashqi ishlar vaziri Putin bilan bo‘ladigan uchrashuvga to‘xtalgan.

“Har qanday holatda ham, men ishonaman – Putin bilan bo‘ladigan uchrashuvimizda muhim va jiddiy masalalarni muhokama qilamiz va bu ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiladi”, deya qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Putin Eron va Isroil o‘rtasidagi mojarodan chiqish yo‘llari har ikki tomon manfaatlarini hisobga olishi kerakligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Isroil hamda Eron bilan aloqada bo‘lib turibdi, vositachilik qilishni maqsad qilmayapti, ammo mojaroni tartibga solish bo‘yicha takliflar bermoqda.

Isroil va Eron iyun o‘rtalaridan buyon o‘zaro zarbalar almashmoqda. Dastlab Isroil “Sherlar olami” nomli operatsiyani boshladi. U bunga sabab sifatida Tehron yadro quroli yaratishda “orqaga qaytmas nuqtaga” yaqinlashganini iddao qilgan. Eronning yadro va harbiy ob’ektlariga berilgan zarbalar oqibatida bir necha yuqori martabali harbiy qo‘mondonlar va olimlar halok bo‘lgan.

Bunga javoban Eron “Haqiqiy va’da 3” nomli operatsiyani boshladi va Isroil hududiga raketa hujumlari uyushtirdi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Isroilga qarshi amaliyotlar “to‘liq yo‘q qilinmaguncha” davom etishini bildirgan.

22 iyun tungi vaqtda esa AQSH Eronning yadro dasturiga tegishli uchta asosiy ob’ektga – Natanz, Fordo va Isfaxonga hujum uyushtirdi. Mamlakat Prezidenti Donald Tramp bu zarbalarni dunyodagi “terrorizmning bosh homiysi” deb atagan Eron tomonidan kelayotgan yadro tahdidini to‘xtatish maqsadida berilganini aytdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Eron Vladimir Putin Abbos Aroqchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing