AQSH ham yadroviy doktrinani o‘zgartirmoqda
Olam
−
12:57
2143AQSH Rossiya va Xitoyning yadroviy qudratini kuchaytirishi sababli o‘zining yadroviy strategiyasini qayta ko‘rib chiqadi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.
AQSH Mudofaa vazirligining ommaviy qirg‘in qurollariga qarshi kurash va yadro siyosati bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Richard Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bir vaqtning o‘zida bir nechta yadroviy raqib bilan yuzma-yuz kelmoqda va bu davlatlar o‘z yadroviy arsenalini yangilab, milliy xavfsizlik strategiyalarida yadroviy qurolning ahamiyatini oshirmoqda. Mazkur sharoitda Vashington “yadroviy tiyib turish” doktrinasiga sodiq qolmoqda, lekin bu strategiya yangi tahdidlarga moslashtirilishi zarur.
Shuningdek, u AQSH Mudofaa vazirligi va Milliy yadro xavfsizligi boshqarmasi yadroviy tiyib turishni kuchaytirish choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi. Bularga yangi B61-13 gravitatsion bombasining ishlab chiqilishi va yadro quroli bilan jihozlangan Ohio sinfidagi atom suvosti kemalarini jangovar holatga keltirish kiradi.
Qayd etilishicha, AQSHning yangi yadroviy strategiyasi bir vaqtning o‘zida ko‘plab yadroviy raqiblarni tiyib turishga yo‘naltirilgan. Bu strategiya doirasida AQSH yadroviy va yadroviy bo‘lmagan vositalarni integratsiyalashishga urg‘u beradi, bu esa o‘z navbatida yadroviy tiyib turish missiyasini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qiladi. Pentagonning so‘nggi hisobotida, ayniqsa, eskalatsiyani boshqarish zarurligi ta’kidlanmoqda, ya’ni bunda cheklangan yadroviy hujum yoki katta oqibatlarga olib keladigan yadrosiz strategik hujumlarga javoban rejalashtirilgan tahlil va javob harakatlarini amalga oshirish nazarda tutiladi.
Bundan tashqari, Pentagon mutaxassislari strategik barqarorlikni saqlash uchun yadro kuchlarini, qo‘mondonlik tizimini va zarur infratuzilmani modernizatsiya qilish zarurligini ta’kidlamoqda. Qo‘shma shtabning strategik barqarorligi bo‘yicha direktor o‘rinbosari Grant Shnayderning so‘zlariga ko‘ra, 2030 yillarga tayyor bo‘lish uchun AQSH yangi tahdidlar va o‘zgarishlarga moslashish imkoniyatini yaratish uchun texnologiyalarni yangilashni davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yadroviy quroldan foydalanish tamoyillarini o‘zgartirish va yadroviy to‘siq bo‘yicha davlat siyosati asoslarini yangilashni taklif qilib, yadro qurolidan foydalanishning yangi shartlarini aytgan edi.
LiveBarchasi