Agar vaziyat o‘zgarmasa, Afg‘onistondan ko‘ra Markaziy Osiyo ko‘proq zarar ko‘radi – Amir Ismoilxon

Olam

image

Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat mintaqaviy va global muammodir, holat agar shunday davom etsa, faqatgina Afg‘oniston uning qurboni bo‘lmaydi. Bu so‘zlarni Hirot viloyatining sobiq rahbari Amir Muhammad Ismoilxon kecha, 27 noyabr kuni Tojikistonda bo‘lib o‘tgan “Hirot xavfsizlik muloqoti” yig‘ilishidagi nutqida aytib o‘tdi. 

Jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Muhammad Ismoilxon xalqaro hamjamiyatning bugun Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan voqealarga bevosita aloqasi borligini, chunki NATO, Amerika va boshqa davlatlar o‘tgan 20 yil davomida Afg‘onistonda bo‘lganini eslatib o‘tgan.

“Afg‘oniston Amerikaning mamlakatda bo‘lishini istamagani uchun qurbon bo‘ldi. Mintaqada esa, shu nuqtayi nazardan qaraganda, “Tolibon”ga nisbatan yumshoq muomala qilingan. Amerika ketganidan keyin vaziyat butunlay o‘zgardi. Ammo hozir vaziyat xalqaro hamjamiyatdan ko‘ra mintaqa uchun xavfliroq. Umid qilamizki, mintaqa bu xavfning haqiqatini tushunadi va uzoqni ko‘radi. Agar bu bajarilmasa, nafaqat Afg‘oniston qurbon bo‘ladi, balki mintaqaning boshqa davlatlari ham zarar ko‘radi”, deydi Amir Ismoil Xon.

Uning qayd etishicha, Afg‘onistondagi amaldagi hukumat muxoliflari o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik yo‘q va ular birlashishlari uchun qulay shart-sharoit kutmoqda.

Shu bilan birga, Ismoil Xon “Hirot xavfsizlik muloqoti” kabi mintaqaviy uchrashuvlar asosan samarasiz bo‘lib, ularning ishtirokchilariga faqat suhbatlashish va fikr bildirish imkoniyatini berishini bildirgan.

“Mazkur uchrashuvlar Afg‘oniston xalqi mavjud vaziyatdan mamnun emasligini, mamlakatda zulm hukm surayotganini odamlarga, butun dunyoga anglatayotgani yaxshi. Ammo muammolarni hal qilish uchun bunday uchrashuvlar samarasiz”, deydi Ismoil Xon.

Shuningdek, u xalqaro hamjamiyat, ayniqsa, xorijiy davlatlar Afg‘onistondagi vaziyatga nafaqat tashqaridan aralashib, balki bu mamlakatdagi muammolarning markazida ham turishini bildirgan.

Amir Muhammad Ismoilxon Hirotning sobiq hokimi bo‘lib, "Hirotlik sher" nomi bilan ham mashhur. U so‘nggi bir necha o‘n yillikda Afg‘oniston siyosatidagi ko‘zga ko‘ringan shaxslardan biri. 2021 yil yozida Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatga kelganidan so‘ng, Ismoil Xon bir muddat toliblar qo‘lida asirlikda bo‘lib, ozodlikka chiqqanidan keyin Eronga jo‘nab ketgan.

Dushanbeda “Hirot xavfsizlik muloqoti” kecha boshlangan bo‘lib, bugun ham davom etadi. Unda sobiq Afg‘oniston hukumatining rasmiylari ham ishtirok etmoqda. “Tolibon” vakillariga ham taklifnoma yuborilgan, biroq ular anjumanda ishtirok etmayapti.

2012 yildan 2021 yilgacha “Hirot xavfsizlik muloqoti” Afg‘onistonning Hirot shahrida bo‘lib o‘tgan. Ushbu yig‘ilish ikkinchi yildirki Dushanbeda o‘tkazilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing