Afsuski, soliq xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy jinoyatlar soni yildan-yilga ko‘paymoqda – Mirziyoyev
Jamiyat
−
02 avgust 2023
7266Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon va Sirdaryo viloyatlari soliq boshliqlarini lavozimidan ozod qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev soliq idoralari “qo‘shimcha manbalar topish o‘rniga eski zamon kasaliga berilib, ishlayotgan tadbirkorlarning tayyor mablag‘larini undirishga o‘rganib olgani”ni ta’kidlagan.
Masalan, 2022 yilda tadbirkorlar tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar hajmi 320 milliard so‘mga oshib, 4,4 trillion so‘m bo‘lgan.
“Afsuski, soliq xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy jinoyatlar soni yildan-yilga ko‘paymoqda”, deydi Prezident.
Bosh Prokuratura huzuridagi Departament nazoratni susaytirib yuborgani tanqid qilinib, unga soliqchilar tomonidan ortiqcha to‘lovlar undirish, ularni vaqtida qaytarmaslik, tekshirishdagi soxtakorlik kabi qonun buzilishlarining oldini olish bo‘yicha amaliy tizim yaratish topshirildi.
Shuningdek, byudjet tushumlarini ta’minlash va tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun:
- Andijon va Sirdaryo viloyatlari soliq boshliqlari hamda Soliq qo‘mitasining yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisini lavozimidan ozod qilish;
- Iqtisodiyot va moliya vazirining soliqqa mas’ul o‘rinbosari D.Sultonov, Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari M.Mirzayev, J.Abdiyev, S.Eshmatov, M.Mahkamov, Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘iga hayfsan e’lon qilishga ko‘rsatma berildi.
Eslatib o‘tamiz, biroz avval Prezident 26 ta soliq idorasi rahbarini ham ishdan olgandi.