Afsonaviy “Robin Gud daraxti” qurib qoldi
Olam
−
22 iyun 4456 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning Nottingemshir grafligidagi Shervud o‘rmoni markazida asrlar davomida qad rostlab turgan mashhur “Major Oak” (Major Ouk) daraxti qurib qoldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Taxminan 1200 yil yashagan deb hisoblanadigan bu ulkan eman daraxti Robin Gud afsonasi bilan bog‘liq bo‘lgani sababli Buyuk Britaniyaning eng mashhur tabiiy yodgorliklaridan biri hisoblanadi.
Tabiatni muhofaza qiluvchi “Royal Society for the Protection of Birds” (Qushlarni muhofaza qilish bo‘yicha qirollik jamiyati – RSPB) tashkiloti ma’lum qilishicha, daraxt bu yil bahorda birinchi marta barg chiqarmagan. Shu asosda ilmiy ekspertlar uning hayoti tugagan degan xulosaga kelgan.
Mutaxassislar aniq sababni birgina omil bilan izohlash qiyinligini aytadi, biroq asosiy omillar sifatida yillar davomida olib borilgan “yaxshi niyatli, lekin noto‘g‘ri strukturaga oid aralashuvlar” hamda daraxt atrofidagi haddan tashqari inson faoliyati ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishi ham – so‘nggi yillardagi kuchli issiqlik to‘lqinlari va qurg‘oqchiliklar daraxtning zaiflashishini tezlashtirgan.
RSPB ma’lumotiga ko‘ra, “Major Oak” (Major Ouk) endi kesilmaydi va Shervud o‘rmoni hududida yodgorlik sifatida saqlab qolinadi. Uning tanasi vaqt o‘tishi bilan tabiiy parchalanib, o‘rmon ekotizimiga foyda keltiradi.
Afsonalarga ko‘ra, Robin Gud aynan shu daraxtning ichi kovak tanasidan yashirinish joyi sifatida foydalangan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, daraxt atrofida uzoq yillar davomida kuchli turizm bosimi bo‘lgan, tuproq zichlashib ketgan va ildizlar yetarli kislorod hamda ozuqa ololmay qolgan.
RSPB va boshqa tabiat himoyachilari daraxtni saqlab qolish uchun ko‘p yillar davomida turli choralar ko‘rgan, ammo bu urinishlar kechikkan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, daraxtdan olingan ko‘chatlar dunyoning turli hududlarida ekilgan.
Mutaxassislar bu voqea boshqa qadimiy daraxtlarni saqlash va iqlim o‘zgarishi ta’sirini yaxshiroq tushunish uchun muhim saboq bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Live
Barchasi