Afsonaviy basketbolchi Kobi Brayant halokat qurboni bo‘ldi

Sport

Milliy baketbol assotsiatsiyasining (NBA) afsonaviy o‘yinchisi Kobi Brayant AQSHning Kaliforniya shtatida shaxsiy vertolyotining qulashi oqibatida halok bo‘ldi.

Halokat 26 yanvar kuni soat 10:00 lar atrofida Kaliforniya janubidagi Kalabasas shahrida yuz bergan. 41 yoshli basketbolchiga tegishli Sikorsky S-76 vertolyoti halokatga uchragan.

Vertolyotda Brayantning 13 yoshli qizi Janna Mariya, uning dugonasi va otasi jami 10 kishi bo‘lgan. Halokatda ularning barchasi qurbon bo‘lgan. Brayant qizi bilan mashg‘ulotga ketayotgan bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, voqea yuz bergan vaqtda halokat hududida tuman bo‘lgan. Guvohlarning ma’lum qilishicha, vertolyot halokatga uchrashi oldidan o‘z o‘qi atrofida aylana boshlagan. U qoyaga urilib, yonib ketgan. Sobiq basketbolchi ushbu vertolyotdan ko‘p yillar davomida foydalangan. 

Aviahalokat sababi hozircha noma’lumligicha qolmoqda. Tergov davom etmoqda. Basketbolchining ortida uning rafiqasi Vanessa va yana uch qizi - Natalya, Byanka va yaqinda tug‘ilgan Kapri qoldi.

Basketbolchi vafoti munosabati bilan ko‘plab taniqli insonlar, siyosatchilar va sport tashkilotlari hamdardlik bildirdi. Ular orasida AQSH Prezidenti Donald Tramp, sobiq Prezident Barak Obama, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro basketbol federatsiyasi bor. 

“Ikki karra Olimpiya chempioni Kobi Brayant aviahalokatda halok bo‘ldi. Kobi Brayant tinch yot, sen doim bizning yuraklarda bo‘lasan”, deb aytilgan XOQ xabarida.

Kobe Bin Brayant NBA`ning sobiq o‘yinchisi bo‘lib, 20 mavsum davomida bir jamoa – “Los-Anjeles Leykers” uchun o‘ynagan va uning tarkibida 5 marta NBA chempioni bo‘lgan. Sportchi shuningdek, AQSH terma jamoasi safida 2008 va 2012 yillarda Olimpiya chempioni bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

aviahalokat Kobi Brayant

Baholaganlar

99

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing