Afrika Rossiyadan qurol sotib oladi va tashqi bosimdan qo‘rqmaydi – Putin
Olam
−
30 iyul 2023
9253Afrika davlatlari Rossiya bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik sohasida, jumladan, qurol sotib olishda tashqi bosimdan qo‘rqmasdan ishlamoqda. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ikkinchi Rossiya-Afrika sammiti yakunlari bo‘yicha chiqishida aytib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, Prezident Afrika davlatlari Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikni davom ettirishini chin dildan istashini aytgan.
"Jumladan, harbiy-texnikaviy hamkorlik sohasida ham. Ular tashqaridan hech qanday bosimdan qo‘rqmasdan biz bilan ishlaydi va qurol sotib oladi", deydi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi Afrika davlatlaridan o‘nlab va yuzlab harbiy xizmatchilarni o‘qitadi.
“Ular bizdan o‘rganishadi, bu ham kelajak uchun yaxshi boshlanish. Aytmoqchimanki, harbiy kasb egalari o‘z uylariga qaytib, aloqalarni, ma’lum darajadagi ishonchni, ishlash qobiliyatini saqlab qolishadi va bizning texnikamizda jang qilishadi”, deydi Rossiya rahbari.
Uning qayd etishicha, Rossiya va Afrika o‘rtasida ikki taraf uchun ham foydali ko‘plab sohalarda hamkorlik qilish imkoniyati mavjud.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 iyul kuni Rossiya tomoni Qora dengizdagi gumanitar yo‘laklar orqali Ukraina g‘allasini xavfsiz eksport qilish bo‘yicha kelishuvni uzaytirmagan va buni Istanbul kelishuvining ikkinchi qismi bajarilmagani bilan izohlagandi. Rossiya-Afrika iqtisodiy va gumanitar forumida so‘zlagan Putin esa Rossiya yaqin oylar ichida Afrika davlatlariga donni tekinga yetkazib berishini aytdi. Shundan so‘ng, Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa Rossiya rahbari Vladimir Putinni g‘alla bo‘yicha kelishuvni davom ettirishga chaqirdi.
LiveBarchasi