Afsonaviy Mayk Tayson nogironlar aravachasida ko‘rinish berdi (foto)
Sport
−
19 avgust 2022
46839Afsonaviy amerikalik bokschi 56 yoshli Mayk Tayson Mayami (AQSH) aeroportida nogironlar aravachasida ko‘rinish berdi. Buning ortidan, ko‘pchilikda uning sog‘lig‘i borasida savollar paydo bo‘ldi. Bu haqda “Chempionat” nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, amerikalik sobiq bokschining nega bunday ahvolga tushgani haqida hech qanday ma’lumotlar mavjud emas. Avvalroq, muxlislar Mayk Tayson to‘g‘ri yurish uchun qo‘ltiq tayoqda harakatlanayotganini payqashgan.
Qayd etish kerakki, Mayk Tayson hali-hamon boks olamidagi eng mashhur shaxslardan biri hisoblanadi. Super og‘ir vazn toifasida biror bir yangi bokschi porlaydigan bo‘lsa, albatta, u Taysonga solishtiriladi. Sababi Mayk boksni chinakam shou darajasiga ko‘targan. Uning janglarida kim g‘olib bo‘lishi emas, balki raqiblar Taysonning “temir zarbalariga” necha daqiqa chiday olishi muhokama qilinardi.
Albatta, bunchalik shuhrat va boylikni ko‘tarish oson ish bo‘lmagan. Ha, Tayson ham shu qadar osmonlarda uchib ketganki, sport zali va mashg‘ulotlarni unutgan. Oqibatda uni o‘rab turgan hashamat va boylik birzumda yo‘qolgan. Shunday paytlar bo‘lganki, Maykning nomi narkotiklar bilan parallel ravishda yangragan. Hatto intervyularidan birida Tayson muxlislari buni qabul qilolmasalar ham marixuana hayotining bir bo‘lagi ekanligini va ulardan hech qachon voz kecholmasligini aytgan.
Oxirgi yillarni Tayson turli-xildagi shoularda ishtirok etish bilan o‘tkazmoqda. Ha, bu shoular Maykga oldingidek pul keltirmaydi. Ammo shu yo‘l bilan Tayson “qora qozonini” qaynatib turibdi. Shuningdek, u 2020 yilning noyabrida yana bir afsona Roy Jonsga qarshi 8 raundlik ko‘rkazmali jangda ringga chiqib, kattagina pul ishlab olgandi.
Ma’lumot uchun, Mayk Tayson o‘z faoliyati davomida 58 ta jang o‘tkazib, ularning 50 tasida g‘alaba qozongan. “Temir Mayk” 44 jangda raqiblarini muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr