Afg‘onlar yana bir necha bor O‘zbekistonga kirishga urindi
Olam
−
28 iyun 2021
47495Afg‘oniston fuqarolari — harbiylar hamda tinch aholi so‘nggi kunlarda bir necha bor O‘zbekiston hududiga kirishga urindi. Ularning barchasi Afg‘onistonga qaytarib yuborildi. Bu haqda bugun, 28 iyun kuni O‘zbekiston Prezidentining Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
“Sizga ma’lumki, 23 iyun kuni Afg‘onistonning 53 nafar fuqarosi va harbiy xizmatchilari birinchi marta chegarani buzib, O‘zbekistonga kirishga urindi. Shundan keyin yana bir qancha bunga o‘xshash harakatlar amalga oshirildi, oxirgisi shanba (26 iyun) kuni bo‘ldi”, deydi Asadov brifing paytida.
Prezident Matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, milliy qonunchilikka va xalqaro normalarga muvofiq, O‘zbekiston hududiga kirishga uringan barcha shaxslar Afg‘onistonga qaytarilgan.
“Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston chegarasining daxlsizligi hech qanday shubha ostiga olinmasligi kerak.
Ma’lumki, so‘nggi paytlarda Afg‘oniston shimolidagi vaziyat o‘zgarib bormoqda. Bu uning qo‘shnilari — O‘zbekiston va Tojikistonni tashvishga solmasligi mumkin emas”, deya ta’kidladi u.
Asadov o‘tgan hafta O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon telefon orqali suhbatda mintaqada xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlash uchun harakatlarni muvofiqlashtirish, yaqin muloqotni davom ettirish zarurligini muhokama qilganini eslab o‘tdi.
Faollashib qolgan “Tolibon”
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.
Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan.
So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.
Chegardosh davlatlarning reaksiyasi
Voqealarning bunday rivoj olishi Afg‘onistonga chegaradosh bo‘lgan davlatlarni sergak tortishga majbur qilyapti. Jumladan Afg‘oniston bilan deyarli 1000 kilometr chegara hududiga ega bo‘lgan Eron ham mamlakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda. OAVning yozishicha, rasmiy Tehron, allaqchon, chegara hududlariga T-72S, BMP-2 tanklari va boshqa zirhli harbiy texnika yuborgan. Shuningdek, O‘zbekiston ham harbiy okruglarida qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha rejaga asosan amaliy mashg‘ulotlar boshlagan. Bundan tashqari, respublika 22 iyun kuni Afg‘oniston bilan chegarani vaqtincha yopgan.
AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi