Afg‘onistonning qo‘shnilari uning hududidagi yangi loyihalarda ishtirok etmoqchi

Jamiyat

image

Kecha, 13 aprel kuni Samarqandda bo‘lib o‘tagan Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvida O‘zbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vaziri ishtirok etdi. Shuningdek, yig‘ilishda Afg‘oniston Muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaki boshchiligidagi “Tolibon” delegatsiyasi ham qatnashdi. Bu haqda “Tolibon” TIV matbuot kotibi o‘rinbosari Hafiz Ziyo Ahmadga tayanib, “Central Asia” xabar berdi. 

“Biz, Afg‘onistonning eng yaqin qo‘shnilari, mamlakatdagi vaziyat tezroq barqarorlashishidan hammadan ko‘ra ko‘proq manfaatdormiz. Qolaversa, istaymizmi yoki yo‘qmi, bugun afg‘on iqtisodiyotini tiklash, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishdagi asosiy mas’uliyat yuki bizning yelkamizga tushadi”, deya anjumanni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov ochib bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jahon hamjamiyati afg‘on xalqiga faqat gumanitar yordam ko‘rsatish bilan cheklanib qolmasligi, mamlakat tinchligining asosiga aylanadigan iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini ilgari surish zarur.


“Afg‘onistondagi vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Ishonchimiz komilki, afg‘on muammosi yaqin kelajakda ham ko‘plab davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar manfaatlariga daxldor bo‘lgan mintaqaviy va global xavfsizlikning asosiy omillaridan biri bo‘lib qoladi”, degan Baxtiyor Saidov.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati Tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaki esa o‘z nutqida Samarqanddagi uchrashuv mintaqa barqarorligi, xavfsizligi va iqtisodiy farovonligini ta’minlashga birgalikdagi harakatlarni namoyish etishini ta’kidlagan.

“Bu bizning umumiy kelajagimiz borligidan dalolat beradi. Biz barqarorlik va xavfsizlik bilan bog‘liq imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, umumiy tahdidlarga mas’uliyat bilan javob berish uchun kuchlarni birlashtirishimiz kerak. Afg‘oniston mintaqa bilan yaqin va muvofiqlashtirilgan hamkorlikka tayyor”, degan “Tolibon” vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “Tolibon” mintaqa davlatlari Afg‘onistonda konstruktiv rol o‘ynashda yordam berishi uchun mamlakatda barqarorlik va iqtisodiy farovonlik uchun shart-sharoit yaratish yo‘lida birgalikda harakat qiladi.

“Biz ham mas’uliyatli hukumat sifatida o‘z majburiyatlarimizni bajarishga tayyormiz. Biz hech qanday sharoitda Afg‘onistonning salbiy to‘qnashuvlar va noqonuniy raqobat maydoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan Amirxon Muttaki.

Uning aytishicha, amaldagi hukumat tuzilganidan qariyb ikki yil o‘tib, Afg‘onistonda ildiz otgan birorta ham katta xavfsizlik hodisasi ro‘y bermagan. Mintaqa davlatlari esa Afg‘onistonga nisbatan siyosati urushayotgan kuchlarning salbiy targ‘iboti va hiyla-nayranglari qurboni bo‘lib qolmasligi uchun hushyor turishi kerak.

“To‘g‘rirog‘i, Afg‘onistonga mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va iqtisodiy aloqalar nuqtai nazaridan qarash kerak. Siyosat, xavfsizlik va iqtisodiyotdagi ijobiy va hal qiluvchi mintaqaviy hamkorlik ham Afg‘oniston, ham butun mintaqa manfaatlarini ta’minlash uchun foydali bo‘lishi mumkin”, degan Amirxon Muttaki.

Forum davomida tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, ushbu mamlakatning amaldagi rasmiylari tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablari – inklyuziv hukumat yaratish, afg‘onistonlik ayollarning mehnat va ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash, ayollarga hurmat ko‘rsatish kabi asosiy talablarning bajarilishi muhokama qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Samarqand O'zbekiston Tolibon Baxtiyor Saidov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing