Afg‘onistonni “Tolibon”dan Hukumatning o‘zi himoya qilishi kerak — Pentagon
Olam
−
12 iyul 2021
7330AQSH Afg‘oniston rahbariyatini mamlakatni “Tolibon” radikal harakatidan himoya qilish uchun o‘z imkoniyatlaridan foydalanishga chaqirdi. Bu haqda Pentagon Matbuot kotibi Jon Kirbi “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Biz, albatta, xavfsizlik holatining yomonlashuvi, zo‘ravonlikning kuchayishi va Afg‘onistonda “Tolibon” harakatini chuqur xavotir bilan kuzatmoqdamiz. Biz bu haqda bilamiz”, degan u.
Kirbining so‘zlariga ko‘ra, AQSH afg‘on tomoni bilan ularni mavjud imkoniyatlardan foydalanishga undash uchun faol aloqada.
“Ular shu ishni qilishlari uchun hozir ayni vaqti”, degan Pentagon Matbuot kotibi.
Joriy yilning 6 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 90 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Germaniya va Avstraliya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Rasmiy Kobul harakat tarafdorlariga qarshi qarshi hujumlarni rejalashtirmoqda.
LiveBarchasi